Tugab borayotgan oktabr oyi respublika hududining katta qismida, O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlar davridagi eng quruq oylardan biri bo‘ldi. Bu haqda «O‘zgidromet» matbuot xizmati xabar berdi.

Deyarli butun oy davomida respublikada kam bulutli, quruq va shamolsiz ob-havo kuzatildi. Faqat ayrim kunlarda ba’zi joylarga yomg‘ir yog‘ib, ular asosan kuchsiz va qisqa muddatli bo‘ldi.

O‘zbekistonda oktabr oyining quruq kelishi kuzatilib turadi, ayniqsa bunday holatlar oxirgi yillarda tez-tez takrorlanmoqda. Agar avval oktabr oyidagi yog‘inlar miqdori me’yordan 30 foizni tashkil qiladigan holatlar to‘rt yilda o‘rtacha bir marta takrorlansa, 2000 yildan boshlab ular 3 yilda 1 marta kuzatilmoqda.

Harorat rejimi bo‘yicha bu yilgi oktabr oyi odatdagidan 1−2 darajaga iliqroq bo‘ldi, haroratning keskin o‘zgarishlari deyarli kuzatilmadi. Faqat oy o‘rtasida harorat birdan 15−20 darajagacha pasayib sovuq tushdi. Eng iliq kunlarda esa havo 23−28 darajagacha, ayrim joylarda 30 darajagacha isidi.

Faqat tonggi salqin oktabr kuzning o‘rtasi ekanini eslatib turdi. Sovuq tushgan vaqtda kechasi va tongda harorat 4−7 darajagacha tushdi, shimoliy hududlarda esa ilk kuzgi ayoz kuzatildi.

Noyabr — kuzning so‘nggi oyi, va bu oyga odatda haroratning keskin o‘zgarib turishi xosdir. Noyabr oyining o‘rtacha harorati oktyabrga nisbatan 5−7 darajaga past. Yog‘inlar ko‘proq yog‘ib, ular davomiy va kuchli bo‘ladi. Noyabrda yomg‘irning qorga aylanish holatlari ham bo‘lib turadi. Tog‘li hududlarda ayrim joylarda birinchi qor qoplami shakllanadi, lekin ko‘pincha u nobarqaror bo‘ladi.

O‘zgidrometning jahon ob-havo markazlari ma’lumotlariga tayanib berayotgan dastlabki bahosiga ko‘ra, bu yilgi noyabr oyi ham harorat, ham yog‘inlar rejimiga ko‘ra me’yorga yaqin bo‘ladi.

Oy davomida harorat kechasi 8−13 daraja iliqdan 0−5 daraja iliqqacha (ayrim joylarda 0−3 daraja sovuq bo‘lishi mumkin), kunduzi 20−25 daraja iliqdan 8−13 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.

Noyabrning birinchi kunlari O‘zbekiston hududida nisbatan iliq havo saqlanib turadi. Bulutlar ko‘payib, 1 noyabr kuni respublikaning ayrim joylariga yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 2 noyabrda yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi.

3 noyabrdan O‘zbekiston hududiga Rossiya hududidan sovuq va nam havo oqimi kirishni boshlaydi. Respublikada yomg‘ir yog‘ib, shamolning tezligi kuchayadi. 3 noyabrda shimoliy viloyatlarda, 4 noyabrda butun hudud bo‘yicha harorat 7−10 darajaga pasayadi.