«O‘zkiyosanoat» Sog‘liqni saqlash vazirligining «Navoiyazot» AJga qarashli PVX zavodida to‘rt kishining gazdan zaharlangani to‘g‘risidagi xabarini rad etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.

Joriy yil 28 oktyabr kuni PVX zavodi va umuman «Navoiyazot» AJ hududida hech qanday favqulodda holat yuz bermagan. Shu kuni soat 17:00lar atrofida «Navoiyazot» AJ Tibbiy sanitariya qismiga «Navoiyazot» AJga hududidagi «PVX, kaustik soda va metanol ishlab chiqarishi majmuasi» qurilishida ishtirok etayotgan 4 nafar xodim o‘zlarini yomon his etganliklari tufayli shaxsan murojaat etganlar, deyiladi kompaniya xabarida.

«Navoiyazot» AJ Tibbiy sanitariya qismi tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rik vaqtida ularning organizmida hech qanday kimyoviy moddalardan zaharlanish alomatlari aniqlanmaganligi tufayli ovqatdan zaharlanish taxmini bilan Navoiy shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga «Navoiyazot» AJ xizmat avtomobilida olib borilgan. U yerdagi ko‘rikdan so‘ng bir nafar xodimga shu kunning o‘zida javob berilgan, qolgan 3 nafar murojaat etgan xodimlar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Navoiy viloyat filiali toksikologiya bo‘limida olib qolingan va 29 oktyabr kuni soat 10:00 da ahvoli yaxshiligi tufayli shifoxonadan chiqarilgan. Ayni vaqtda ushbu xodimlar o‘z xizmat vazifasini bajarmoqda.

Kompaniya SSV xabaridagi tez tibbiy yordam brigadasining voqea joyiga zudlik bilan yetib borganini ham rad etdi. «Aslida tez tibbiy yordam brigadagi zavodga kelmagan, aksincha xodimlar Navoiy shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan», — deyiladi bayonotda.