Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan yanvar-sentyabr oylarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari nataijalari e’lon qilindi.

Moliya vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, monitoring jarayonida 4,7 mlrd so‘m, shundan joriy yilning 3-choragida 1,3 mlrd so‘m Jamg‘arma mablag‘larini asossiz va noqonuniy sarflanish holatlari aniqlandi.

Jamg‘arma mablag‘larini maqsadli sarflanishiga mas’ul bo‘lgan tashkilot hodimlari tomonidan o‘z xizmat vazifalarini bajarishda suiste’molchiliklarga yo‘l qo‘yish holatlari aniqlangan.

Misol uchun, Andijon shahar Aholi bandlikka ko‘maklashish markazi bosh hisobchisi «Elga xizmat ko‘makdosh» MCHJ rahbari bilan kelishgan holda jamoat ishlarini bajarganlik to‘g‘risida hech qanday hujjatlarsiz 362,8 mln so‘m mablag‘ni MCHJ hisob raqamiga o‘tkazib bergan.

Baliqchi tumani Aholi bandlikka ko‘maklashish markazi bosh inspektori tumandagi 8 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari bilan kelishgan holda 44 nafar fuqaro bilan tuzilgan soxta mehnat shartnomalari va jamoat ishlarini bajarilganligi to‘g‘risida hisobot ma’lumotlari asosida 52,4 mln so‘m o‘zlashtirilgan.

Bulung‘ur tumanidagi «Agro farovon zamin» agrofirmasi raxbari agrofirmada ishlab kelayotgan 36 nafar xodimni (xodimlarning behabarligida) 22 mayda ishdan bo‘shatib, 3 oy muddatga haq to‘lanadigan jamoat ishlariga soxta buyurtmani tuman Aholi bandlikka ko‘maklashish markaziga taqdim etib, 27,4 mln so‘m jamg‘armadan asossiz olganligi aniqlandi.

Shuningdek, Buxoro tumandagi 4 ta fermer xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi hisobchi tomonidan fermer xo‘jaliklarida ishlamagan 8 nafar fuqaro nomidan hujjatlarni rasmiylashtirib, tuman Aholi bandlikka ko‘maklashish markaziga taqdim etish orqali 12 mln so‘mlik mablag‘larni o‘zlashtirgan.

Huddi shu kabi, Angor tumanidagi «Angor agro pilla» MCHJ tomonidan haq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb qilinganlik to‘g‘risida 37 nafar fuqaro nomiga soxta hujjatlar rasmiylashtirilib, Angor Aholi bandlikka ko‘maklashish markaziga taqdim etib, jamg‘armaning 65 mln so‘m mablag‘lari o‘zlashtirib yuborilgan.

Sherobod tumanidagi «Xo‘jaqiya-1» MFY raisi jamoatchilik ishida ishlamagan 3 nafar hamda jamoatchilik ishlariga jalb etilib, keyinchalik bo‘shab ketgan 5 nafar fuqaro nomiga soxta hujjatlarni rasmiylashtirish oqali 18,4 mln so‘mlik mablag‘larni o‘zlashtirgan.

Bag‘dod tumanda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida «Universal biznes invest» MCHJ va yana 23 ta korxona, fermer xo‘jaliklarida 106 nafar fuqaro nomiga hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan 103 mln so‘mlik jamg‘arma mablag‘lari o‘zlashtirilganligi aniqlangan.

Yuqoridagi xolatlar bo‘yicha nazorat tadbirlari hujjatlari tegishli choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida jamoat ishlariga 284 ming nafar fuqaro jalb etilgan bo‘lib, ularga jamg‘arma hisobidan 189,4 mlrd so‘m ish haqi to‘lab berilgan.