28 oktyabr kuni Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahri Turkiston ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birida yashab kelayotgan uch kishilik oila is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi. Zaharlanishga isitish pechi dudbo‘ronining kesib qo‘yilgani sabab bo‘lgan.

Bu yetti kun ichida ikkinchi xuddi shunday hodisadir. 22 oktyabr kuni Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida isitish qozoni dudbo‘roniga qushlar uya qurishi natijasida tiqilib qolgani uchun to‘rt kishilik oila is gazidan zaharlanib vafot etgan edi.

Harorat pasayishi bilan bu kabi hodisalarning kelib chiqish xavfi oshmoqda. FVV fuqarolarni isitish pechlaridan foydalanishdan avval dudbo‘ronlarning sozligini albatta tekshirishga chaqirmoqda.

FVV ogohlantiradi

Bunday ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olish maqsadida gaz uskunalaridan va isitish moslamalaridan foydalanishda quyidagi yong‘in va xavfsizlik talablariga rioya qilishingiz so‘raladi:

  • qo‘lbola va nosoz gaz isitish moslamalaridan foydalanmang;
  • tungi vaqt aholi turar joylarida o‘rnatilgan isitish tizimini nazoratsiz qoldirmang;
  • oshxonada o‘rnatilgan tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalardan xonalarni isitish maqsadida foydalanmang;
  • isitish pechlari va ularning mo‘rilarini sozligiga, ularni turli buyum va to‘siqlar bilan berkitilmasligiga hamda maxsus tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida tozalanishiga alohida e’tibor bering;
  • isitish moslamalari yaqinida yonuvchan buyumlarni saqlamang;
  • isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiya va yo‘riqnomasi talablariga rioya qiling;
  • gaz uskunalarni ulash tartib qoidalariga rioya qiling va ularga rezina shlangalar orqali ulanishga yo‘l qo‘ymang;
  • agarda xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmang, darhol xonani shamollating hamda gaz xizmatiga zudlik bilan xabar bering.