Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida «KAMAZ» yuk avtomobilining avtoyo‘ldan chiqib ketishi natijasida ikki kishi halok bo‘ldi, ikki kishi og‘ir tan jarohatlarini oldi. Hodisa 29 oktyabr kuni taxminan 00:45 da sodir bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

«Gazeta.uz»ning Sog‘liqni saqlash vazirligidan aniqlik kiritishicha, yuk mashinasida uch, bort qismida esa ikki kishi bo‘lgan. Avariya natijasida A. D. (1990 y t.) hodisa joyida vafot etdi, N. A. (1993) esa tez tibbiy yordam brigadasi tomonidan shoshilinch yordam ko‘rsatilganiga qaramasdan keyinroq hayotdan ko‘z yumdi.

Ikki kishi og‘ir tan jarohatlari bilan Sariosiyo tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch yordam bo‘limiga joylashtirildi. Yengil tan jarohati olgan yana bir kishini shifoxonaga yotqizishga hojat bo‘lmadi.

Yana ikkita YTH

SSV bir kun avval — 28 oktyabrda sodir bo‘lgan yana ikkita YTH to‘g‘risida ham xabar qildi.

Taxminan 19:55 da Surxondaryoning Sherobod tumanida «KAMAZ» va Matiz to‘qnashuvida to‘rt kishi turli darajadagi tan jarohatlarini oldi. Ularning barchasi tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch yordam bo‘limiga olib borildi.

X. B. (1982) «bosh miya yopiq jarohati, ikkala oyoq sinishi» tashxisi, S.M. (1982), L.R. (2010) va M.R. (2013) «Bosh miya yopiq jarohati» tashxislari bilan yotqizilgan.

20:00 atrofida M-39 avtoyo‘lining Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidan o‘tgan qismida Damas va «Jiguli» avtomobillari to‘qnashgan, o‘rt kishi jarohat oldi.

Jarohatlangan bemorlar: A.G. (1996) «Bosh miya lat yeyishi, qorin bo‘shlig‘i a’zolarining yopiq shikastlanishi» tashxisi, Sh. J. (1985) «Bosh miya chayqalishi» tashxisi, J.E. (1992) «Bosh miya lat yeyishi, pastki jag‘ suyagining yopiq sinishi, qorin bo‘shlig‘i a’zolarining yopiq shikastlanishi» tashxisi hamda S.M. (1985) esa «Ochiq kalla miya shikastlanishi, ikkala son bo‘laklanib sinishi, o‘ng yelka suyagining ochiq bo‘laklanib sinishi. Postgemorragik va posttravmatik shokning og‘ir darajasi» tashxisi bilan Qamashi tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan.