Davlat test markazi (DTM) mamlakat OTMlariga kirish uchun test sinovlari tizimiga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha o‘z takliflarini e’lon qildi. Shu kungacha 3 soat ichida 3 ta fandan 90 ta savolga javob berishi kerak bo‘lgan abituriyentlarga endilikda xuddi shuncha vaqt davomida 5 ta fandan 105 ta savolga javob berishlari taklif etilmoqda.

Kelgusida mutaxassisligi qanday bo‘lishidan qat’i nazar — xoh gumanitar, xoh iqtisodchi, texnik yoki tibbiyot xodimi bo‘lsin — bir soat ichida ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi fanlaridan iborat bo‘lgan birinchi (majburiy) blokdagi 45 ta savolga javob berishlari kerak bo‘ladi. Tanlangan tegishli yo‘nalish bo‘yicha ikkitadan fanga oid 60 ta savoldan iborat bo‘lgan ikkinchi blok uchun esa ikki soat ajratiladi. Qizig‘i shundaki, birinchi (majburiy) blok va mutaxassislik bo‘yicha ikkinchi blokdagi savollar takrorlanishi mumkin.

DTM takliflari juda qiziq va sinchkovlik bilan tahlil qilinishga loyiqdir, chunki ular bir necha yuz minglab abituriyentlar, ularning ota-onalari va o‘qituvchilarining keyingi qarorlari, harakatlariga va ular orqali butun boshli ta’lim tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi.

Muammo tarixi haqida qisqacha. Joriy yilning mart oyida DTM OTMlarga abituriyentlarni saralab olishning amaldagi tizimiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritishni taklif etuvchi hujjat loyihasini muhokama uchun taqdim etdi. Taklif qilinayotgan o‘zgarishlar qatoridan quyidagilar o‘rin oldi: barcha yo‘nalishlar uchun uchta majburiy fanni o‘z ichiga olgan beshta fandan test topshirish; imtihonlar yakunlari bo‘yicha uch yil davomida amal qiladigan sertifikatlar berish; abituriyentga uchta yo‘nalishda imtihonlarda qatnashish uchun ruxsat berish va avvalgi yillarda maktabni tamomlagan abituriyentlar uchun to‘lov joriy etish.

Fanlar sonini oshirish zarurligini DTM mutaxassislari “xorijiy tajriba” hamda “abituriyentlarning o‘z o‘tmishi, o‘z tarixi, millatning shakllanish jarayoni bo‘yicha savodxonligi va bilim darajasini oshirish” bilan asosladi. Muhokamalar jarayonida juda ko‘p qarshi fikrlar bildirilganiga qaramasdan, barchadan uchta majburiy va ikki yo‘nalish bo‘yicha fandan imtihon olish bo‘yicha talab hujjatning yakunda tasdiqlangan talqinidan o‘rin oldi.

Biz avvalroq DTM o‘tkazayotgan testlar, ya’ni OTMlarga qabulning vazifalarini hisobga olgan holda fanlar sonining oshirilishi testlarni yanada ishonchli qilib qo‘ymasligini aytgan edik. DTM tomonidan taklif qilingan beshta fandan imtihon olish tartiblari tahlili validlilik (ishonchlilik) to‘g‘risida yanada ko‘proq savollarni keltirib chiqarmoqda.

1. Majburiy fanlar bo‘yicha test savollari soni va ularga javob topish uchun ajratilgan vaqt

Majburiy fanlar blokiga uchta fandan 15 tadan savol (jami 45 ta topshiriq) kiritilgan bo‘lib, abituriyentga ularni yechishi uchun 1 soat beriladi: ona tili va tarix savollariga 1 daqiqadan, matematika uchun har bir savolga 1,5 daqiqagacha. Biroq buncha miqdordagi savollarga buncha vaqt ichida javob olish orqali abituriyentning bilim darajasini rostdan ham tekshirib bo‘ladimi?

Pedagogik o‘lchovlar sohasidagi tadqiqotchilar, masalan, Svetlana Vorobyeva va Marina Chelishkоvaning ta’kidlashlaricha, testlarning ishonchliligini ta’minlashga yordam beradigan eng muhim tamoyillardan biri, bu — reprezentativlik (vakolatlilik) tamoyilidir. Ushbu tamoyilga ko‘ra, sinovdagi test topshiriqlarining soni mavzuning materialini to‘liq qamrab olishi uchun yetarli bo‘lishi hamda abituriyentning ushbu fanni bilish yoki bilmasligi to‘g‘risida xulosalar chiqarishga imkon berishi kerak.

Testlar to‘g‘risidagi zamonaviy fanda testning ishonchliligi, ya’ni uni turlicha joylashtirishdagi natijalarning barqarorligi validlilik shartlaridan biri hisoblanadi. G‘arb tadqiqotchilarining fikricha, testning uzunligi (testdagi topshiriqlar soni) uning ishonchligiga ta’sir ko‘rsatadi— savollar soni qancha kam bo‘lsa, test shuncha ishonchli hisoblanadi va testning uzunligi fan mavzularini qamrab olish uchun yetarli bo‘lishi lozim.

15 ta savolda nimani tekshiramiz: bilimnimi yoki kompetensiya?

Bir savol tug‘iladi: 15 ta topshiriq orqali abituriyentning fanni bilish yoki bilmasligi to‘g‘risida xulosa chiqarib bo‘ladimi? Masalan, O‘zbekiston tarixini olaylik. Maktablarda u 6-sinfdan 11-sinfgacha o‘rgatiladi va miloddan avvalgi VII-VI asrlarda O‘zbekiston hududidagi qadimiy davlatlarning shakllanishidan tortib zamonaviy O‘zbekiston Respublikasigacha bo‘lgan juda katta davrni qamrab oladi. Bu davr mobaynida Xorazm, So‘g‘diyona, Baqtriya, Eftalitlar davlati, Turk xoqonligi, Somoniylar, G‘aznaviylar, Qoraxoniylar davlatlari, Chingizxon va Temur imperiyalari, Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklari, Rossiya imperiyasi tarkibidagi Turkiston general-gubernatorligi, Buxoro va Xiva respublikalari va SSSR tarkibidagi O‘zbekiston SSR kabi mamlakat va tuzilmalar vujudga keldi, gullab-yashnadi va quladi.

Agar tarixdagi ushbu muhim bosqichlarning har biriga bittadan savol tuzilgan taqdirda ham, ular soni 15 tadan oshib ketadi. Ammo bittagina savolning o‘zi abituriyent o‘tmishning ushbu parchasidagi barcha tarixiy jarayonlarni bilish yoki bilmasligi haqida xulosa chiqarishga hech qanday asos yaratmaydi.

Ona tili va matematika haqida ham xuddi shu gaplarni aytish mumkin. Qanday qilib 15 ta topshiriq abituriyentning o‘rta maktabdagi 7 yillik (5- dan 11-sinfgacha) tahsili davomida ko‘p sonli bo‘lim va mavzulardan iborat ushbu fanlarni o‘zlashtirgani darajasi haqida mantiqiy tasavvurni uyg‘otishi mumkin?

Albatta, maktab o‘quvchilarining u yoki bu fanni o‘rganishda davlat ta’lim standartlariga ko‘ra o‘zlashtirishlari kerak bo‘lgan asosiy kompetensiyalar test olishda asosiy maqsad sifatida belgilanishi lozim. Agar masalaga shunday yondashilsa, testlar 15 ta bilan cheklanishi yoki hattoki topshiriqlar soni kamroq bo‘lishi ham mumkin. Ammo bu yerda muhim “lekin” vujudga keladi.

Kompetensiyalar Blum ta’lim maqsadlari taksonomiyasining yuqori darajasiga taalluqli bo‘lib, testlar esa yanada yuqori darajadagi kognitiv ko‘nikmalarni tekshirishga yo‘naltirilgan. Qoidaga ko‘ra, testlar abituriyentlar uchun notanish bo‘lgan yangi materialdan boshlab, kirish materiallari (matn, rasm, xarita, diagramma vahokazo) topshiriqlari ketma-ketligidan tarkib topadi.

Bunday topshiriqlarni bajarish uchun esa bir yarim daqiqadan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi: bir daqiqa davomida darslikdagi qandaydir ma’lumot yoki qoidani esga olish mumkin, biroq muayyan ko‘nikma yoki kompetensiyaning mavjudligini hech ham namoyon etmaydi.

Bilimning turli sohalari bo‘yicha qisqa vaqt ichida tezkor savol va javoblar, bu — bilimdonlik o‘yinlari va televizion shoulari uchun xos uslub, biroq abituriyentning taqdirini hal qiladigan imtihon uchun emas.

Bunday topshiriqlarni yechish uchun zarur bo‘lgan vaqtni to‘g‘ri hisoblash uchun esa ularni aprobatsiyadan o‘tkazish kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, kompetensiyani tekshirishga qaratilgan topshiriqlarni tuzish xotirani tekshirish topshiriqlarini tuzishdan qiyinroq ekaniga shubha yo‘q. Test tuzishga bunday yondashuv ekspertdan nafaqat maktab dasturlari va maktab darsliklarini bilishni, balki testologiya sohasida muayyan bilim va tajribalarga ega bo‘lishni ham talab qiladi. Axir shunchaki darslikni ochib, undagi ma’lumotlardan savollarni “sug‘urib olib” bo‘lmaydi.

Haligacha test topshiriqlari asosan darsliklarga kiritilgan har qanday kerak va keraksiz ma’lumotlarni eslab qolish darajasini tekshirishga qaratilgan. DTMning maxsus jurnalida chop etilgan ona tili va tarix fanidan test topshiriqlarining namunalari orasida ham kompetensiyalarni tekshirishga qaratilgan topshiriqlarni topib bo‘lmaydi: ular asosan faktlar yoki qoidalarni yodlashni tekshirishga, eng yaxshi holatda — qoidalarni alohida olingan jumlalarga qo‘llashga qaratilgan.

Biroq bunday yondashuvda, yuqorida ta’kidlaganimizdek, 15 ta savol hech qanaqasiga test olinayotgan shaxsning bilim darajasi haqidagi haqqoniy manzarani shakllantirib bermaydi. Va agar shunga qaramay, yondashuv o‘zgartirilsa va testlar kompetensiyalarni tekshirishga qaratilgan taqdirda ham, “xotira” topshiriqlarini tuzishga odatlangan mutaxassislarning birdaniga kompetensiyalarni tekshirishga qaratilgan sifatli topshiriqlarni tuza olishlariga kafolat yo‘q.

Aprobatsiyaning o‘zi yetarlimi?

Topshiriqlar kirish imtihonlari kabi jiddiy bir tadbirda foydalanishdan oldin juda sinchkovlik bilan aprobatsiyadan hamda validlilik va ishonchlilik kabi sifat tekshiruvlarining to‘liq siklidan o‘tishi kerak. Va bu bir yildan ko‘proq vaqtni oladi.

DTM majburiy fanlar bo‘yicha test sinovlari namunalari allaqachon tayyor bo‘lgani hamda ular o‘rta va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida sinovdan o’tkazilayotganini ma’lum qildi. 1000 dan ortiq test topshiriqlarini sinab ko‘rishga 2600 nafar bo‘lajak abituriyentni jalb qilish orqali qandaydir statistik ahamiyatga molik ma’lumotlarni olib bo‘lmaydi. Olingan natijalar bilan topshiriqlarning sifat darajasiga baho berish qiyin: axir bir nafar bo‘lg‘usi abituriyent o‘rtacha 100 ta savolga javob bersa, u holda bitta topshiriqning aprobatsiyasida 260 kishi ishtirok etadi. To‘g‘ri, DTM vakillari ham ularda bazadagi barcha savollarni aprobatsiyadan o‘tkazish imkoniyati yo‘qligini tan oldi. Biroq test topshirig‘ining 250−300 kishi tomonidan aprobatsiyadan o‘tkazilishi nafaqat butun boshli test topshiriqlari bazasining sifati, balki aprobatsiyaga kiritilgan test topshirig‘ining sifati haqida hukm chiqarishga ham asos bo‘la olmaydi.

Retseptsiz mahsulotlar

Yana bir savol tug‘iladi: agar testlar spetsifikatsiyasi tayyor bo‘lmagan bo‘lsa, u holda test topshiriqlari namunalari qanday qilib tayyorlandi? Test spetsifikatsiyasi, bu — mazkur mavzu bo‘yicha topshiriqlar sonini ko‘rsatadigan ro‘yxatdan muhimroq. Test topshiriqlarini spetsifikatsiyasiz yozish esa validlikni bilib turib yo‘qqa chiqarish bilan tengdir. Agarda ushbu spetsifikatsiyalar mavjud bo‘lsa, u holda nima uchun ular na muhokama, na tanishib chiqish uchun e’lon qilindi? Axir bo‘lg‘usi abituriyentlar kirish imtihonlariga tayyorgarlikni boshlab yuborishgan, biroq ular hamon beshta fandan iborat “guldasta"da ularni nima kutayotganidan bexabar.

2. Test olish va natijalarni talqin qilishdan ko‘zlangan maqsad

Avval yozganimizdek, test validligi uning maqsadi bilan chambarchas bog‘liq — test sinovlarini qaysi maqsadda o‘tkazdik va natijalarni qanday talqin (interpretatsiya) qilamiz?

DTM o‘tkazayotgan testlardan ko‘zlangan maqsad maktab o‘quvchilarini yakuniy attestatsiyadan o‘tkazish va hattoki “dunyoqarashi”, “savodxonlik va o‘z o‘tmishini bilish darajasini” tekshirishdan ham iborat emas. Bu holatda aniq bir maqsad bor — kelgusida OTMda ta’lim oladigan abituriyentlarni saralash. Demak, DTM testlari validligini birinchi navbatda ularning abituriyent o‘zi tanlagan mutaxassislik bo‘yicha o‘qishga qanchalik tayyor ekanini aniqlaydi. Ya’ni, hattoki majburiy blokdagi fanlar bo‘yicha tekshirilayotgan bilim va kompetensiyalar ham bo‘lg‘usi mutaxassislik bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Masalan, bo‘lg‘usi shifokor yoki muhandis tarix fanidan olgan bilim va malakalardan, bo‘lg‘usi tarjimon yoki huquqshunos esa o‘qish va faoliyati davomida matematika bo‘yicha kompetensiyalardan qanday foydalanishini ko‘rsatib berishi kerak. DTM mutaxassislari nazaridagi “soddalashtirilgan, abituriyentlar savodxonligi va tayanch bilimlarini baholashga qaratilgan birinchi murakkablik darajasidagi savollar” esa testlar validligini oshirish xususiyatiga ega emas.

Fanlar sonini oshirish tarafdorlari xalqaro tajribaga tayanishmoqda: ular Rossiya, Germaniya va boshqa davlatlarda 4−8 ta fandan imtihon topshiriladi, bunda matematika, tarix va ona tili barcha uchun majburiy ekanini ta’kidlashadi.

Biroq Rossiyadagi YeGE yoki Germaniyadagi Abitur, bu — bizning tushunchamizdagi kirish imtihonlari emas. Ular “ikkisi bir” shaklidagi maktab o‘quvchilarining yakuniy attestatsiyasi bo‘lib, o‘quvchi attestat olish uchun ushbu imtihonlarni topshiradi va xuddi shu imtihonlar yakunlari OTMga kirish uchun qabul qilinadi.

Ya’ni, “abituriyentlarning savodxonligi va tayanch bilimlari” o‘quvchi o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni olib, OTMga kirish istagini bildirganidan keyin emas, balki unga shahodatnoma berilmasidan avval tekshiriladi. O‘quvchini qandaydir ikki oy ichida avval maktabda o‘nlab fanlardan bitiruv imtihonlari, keyin esa beshta fandan OTMga kirish imtihoni bilan chig‘iriqdan o‘tkazishimiz, bu — ta’lim tizimi hamda davlat nomidan berilayotgan shahodatnomaga ishonchsizlik votumi ekanini avval ham ta’kidlagan edik.

3. “Abituriyentlarning tayanch bilimlari” tushunchasining noaniqligi

“Abituriyentlarning tayanch bilimlari” kabi mavhum tushuncha turlicha talqin qilinishlar uchun tirqish ochadi va oxir-oqibat baribir testlar validligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘plab davlatlarda o‘quv dasturlari o‘quvchining qiziqishlaridan kelib chiqqan holda turli fanlarni differensiyalashgan holda o‘rganishni taklif etadi. Masalan, Rossiyada federal ta’lim standartlari barcha fanlar bo‘yicha tayanch va chuqurlashtirilgan darajalarni taklif etadi va mos ravishda o‘quvchi biror YeGEni (tayanch yoki profilli) tanlaydi.

Bizning ta’lim standartlarimiz differensiyalashgan ta’lim dasturlarini taklif etmaydi va barcha maktab o‘quvchilari oldiga bir xil talabni qo‘yadi. “Tayanch bilim” tushunchasi nimalarni o‘z ichiga olishini kim va qanday belgilaydi? Masalan, matematikada logarifm, integral va trigonometrik funksiyalar — tayanch bilimlarmi? Yoki ona tilidagi murakkab qo‘shma gaplar yoki morfemalar tayanch bilim hisoblanadimi? Yoki O‘zbekistonda zavodlar va GRESlarning ochilish yillari haqidagi bilimlar — tayanch bilimlarmi?

Test tuzuvchilaridan qaysidir biri, masalan, bo‘lajak tarixchi trigonometrik funksiyalarni yechishi yoki morfemalarni turli alomatlariga ko‘ra toifalarga ajratib chiqa olishi shart emas, deb hisoblashi mumkin, boshqasi esa modomiki ular maktab dasturlariga kiritildimi, demak ularni hamma bilishi shart, deb o‘ylaydi. Va bu borada kim haq?

“Birinchi murakkablik darajasi” tushunchasi ham noaniq. Test topshiriqlarining murakkabligini aniqlashning turli yondashuvlari mavjud. Agarda DTM aproior (nazariy) murakkablikni nazarda tutgan bo‘lsa, u holda qanday nazariy model yoki kognitiv harakatlar iyerarxiyasi asos qilib olingan?

Agarda aposterior (dalillarga tayangan) murakkablik nazarda tutilayotgan bo‘lsa, unda “birinchi daraja” degan tushunchaning o‘zi yo‘q, chunki murakkablik darajasi 0 dan 1 gacha shkalada o‘lchanadi. Bundan tashqari, barcha topshiriqlar bazasini aprobatsiyadan o‘tkazmasdan turib qanday qilib uni hisoblab chiqish mumkin? Hech qanday nazariy model va aprobatsiyasiz “birinchi murakkablik darajasi” test tuzuvchilarining fikriga bog‘liq sof sub’ektiv tushuncha sifatida qolaveradi.

4. Majburiy blok hamda mutaxassislik bo‘yicha blokning topshirilishi

Ko‘plab yo‘nalishlarda bitta fan ham majburiy blok, ham mutaxassislik bo‘yicha blokka kiritilishi mumkin. Bunday holatda abituriyent birinchi blokda fan bo‘yicha “tayanch bilimlari"ni tekshiradi, ikkinchi blokda esa boshqa murakkablik darajasidagi topshiriqlar yechiladi, deb taxmin qilish mumkin.

Birinchi blokning validligini yo‘qqa chiqaradigan qiziqarli yondashuv. Har qanday o‘qituvchi murakkab jarayonlarni oddiylari o‘zlashtirilmasdan turib o‘rgatib bo‘lmasligini yaxshi biladi. Agar o‘quvchi algebraga oid murakkab funksiyalarni yecha olsa, u holda matematika bo‘yicha “tayanch bilimlar"ni tekshirishdan ma’no yo‘q — o‘quvchi ularsiz murakkab masalalarni yecha olmaydi. Agar o‘quvchi jumlalarni morfologik yoki sintaktik tahlil qilishni bilsa, ona tilidan “tayanch bilimlar"ni tekshirishning hojati bormi?

Rossiyada ham o‘quvchi fan bo‘yicha profil darajadagi YeGEni topshirishga qaror qilsa, xuddi shu fan bo‘yicha tayanch YeGEni topshirmaydi. U holda bitta fanni ikkala blokka ham kiritishdan ko‘zlangan maqsad nima? Ehtimol matematikada va ona tilida “tayanch bilimlar” va “ilg‘or bilimlar"ni farqlashga urinib ko‘rish mumkindir. Biroq tarix fanida test topshiriqlari darslikdagi ma’lumotlar va raqamlarni eslab qolish darajasini tekshirishini hisobga olsak, bu fan har ikki blokdan ham o‘rin olgan yo‘nalishlarda ushbu masala qanday hal qilinadi? Qaysi raqam va ma’lumotlar “tayanch bilimlar"ga taalluqli bo‘ladi, qaysilari esa yo‘q?

Har doimgidek, javoblarga qaraganda savollar ko‘proq. Va savollar bejiz emas: testlar haqidagi fanda muhim qarorlarni qabul qilish uchun yaroqsiz testlardan foydalanish tizim ishtirokchilari uchun ham, tizim va umuman jamiyat uchun ham salbiy oqibatlarga olib kelishi isbotlangan.

DTM duch kelgan “salbiy oqibat"ga yorqin misol: qarshi fikrlar bildirilganiga qaramasdan, abituriyentlar uchun B2 darajali sertifikat talab qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Natijada “milliy sertifikat"ga ega bo‘lishni istaganlar soni, taxmin qilganimiz kabi, bir necha mingdan bir necha yuz nafargacha kamaydi.

Yoshlar orasida mashhur bo‘lgan Telegram kanallaridan birida so‘rov o‘tkazildi va “Beshta fan bo‘yicha testlarga qanday tayyorlanasiz?” degan savolga: “Chet elga o‘qishga borishga harakat qilib ko‘raman”, degan javob eng ko‘p ovoz to‘pladi.

Yuzlab minglab o‘quvchilar, ularning ota-onalari va o‘qituvchilariga taalluqli muhim qarorlar qabul qilinayotganida, ularning ehtimoliy oqibatlari ham hisobga olinishi, ular “xorijda shunday bo‘lgani uchun” emas, balki birinchi navbatda validlikning ilmiy tamoyillariga tayanishi lozim.

Muallif fikri tahririyat fikridan farq qilishi mumkin.

Komil Jalilov — A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘qituvchi. Kolumbiya universitetida (Nyu-York, AQSH) “Pedagogik psixologiya va tillarni o‘qitish metodikasi” yo‘nalishi bo‘yicha va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida “Ta'lim berish va o‘qitish nazariyasi va amaliyoti” yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirgan. JIDU qoshidagi akademik litseyda, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi akademik litseyda, M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filialida ishlagan. London universitet kolleji Ta’lim institutining Chevening dasturi bo‘yicha “O‘quv dasturlarini ishlab chiqish, pedagogika va pedagogik baholash” mutaxassisligi bo‘yicha magistri.