Joriy yilning 21 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Mazkur qaror bilan, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Jumladan, endilikda fuqarolar pensiya olish huquqi paydo bo‘lganidan so‘ng pensiya tayinlashni so‘rab Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlariga ariza bilan murojaat qilganda, ulardan jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasini talab etish bekor qilindi.

Shuningdek, qarorga muvofiq boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashni so‘rab murojaat qilganda boquvchining vafot etganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning asli o‘rniga uning nusxasini taqdim etish huquqi joriy etildi.