AQSH prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni «Islom davlati» guruhi yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy Suriyaning Idlib viloyatida o‘tkazilgan maxsus operatsiya natijasida yo‘q qilingani xabarini berdi. Donald Trampning bu boradagi bayonoti Oq uy veb-saytida e’lon qilindi.

«Kecha Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning birinchi raqamli terrorchisini adolat qo‘liga topshirdi. Abu Bakr al-Bag‘dodiy vafot etdi. U dunyodagi eng shafqatsiz va berahm terrorchilik tashkilotining asoschisi va rahbari edi», — dedi AQSH prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Bag‘dodiyni ko‘p yillardan beri qidirayotgan edi. «Bag‘dodiyni qo‘lga olish va yo‘q qilish mening milliy xavfsizlik sohasidagi boshqaruvimning eng muhim ustuvor vazifasi edi. AQSH maxsus operatsion kuchlari ushbu vazifani bajarish uchun Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismida xavfli va mardonavor tungi hujumni o‘tkazdi», — dedi u.

Donald Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlari operatsiya davomida birorta ham askarini yo‘qotmagani, Bag‘dodiy bilan birga ko‘p sonli jangarilar va sheriklari yo‘q qilinganini ta’kidladi. ID yetakchisi chiqish iloji bo‘lmagan tunnelda «yig‘lab, faryod urib va qichqirgancha» o‘ldirildi, dedi u. Bu vaqtga kelib terrorchi joylashib olgan bino allaqachon bo‘sh edi: uning ichidagi odamlarning bir qismi o‘ldirildi, qolganlari taslim bo‘ldi. Uydan 11 bola olib chiqildi. Uch nafar bolani esa Bag‘dodiy o‘zi bilan «o‘lim changalida» olib qoldi.

AQSH prezidenti Bag‘dodiy o‘zini o‘zi portlatganini aytdi. Uning shaxsini aniqlash uchun o‘sha joyda DNK tahlili o‘tkazildi. Amaliyot yakunlari bo‘yicha AQSH harbiylari binoda ikki soat davomida qolib, «juda qimmatbaho materiallar va ma’lumotlarni» qo‘lga kiritgan.

Donald Tramp operatsiya boshqa davlatlar — Rossiya, Turkiya, Suriya va Iroq, shuningdek, suriyalik kurdlarning yordamisiz amalga oshirib bo‘lmasligini ta’kidladi.

«U qadar azob-uqubat va o‘limlarga sabab bo‘lgan shafqatsiz qotil zo‘rlik bilan yo‘q qilindi — uendi hech qanday begunoh erkak, ayol va bolaga zarar yetkazmaydi. U itday o‘ldi. U qo‘rqoq kabi o‘ldi. Dunyo endi ancha xavfsiz bo‘ldi», — deya xulosa qildi AQSH prezidenti.

Al-Bag‘dodiy (haqiqiy ismi Ibrohim Avad Ibrohim al-Badriy) Islom davlatining rahbari sifatida 2014 yilda Yaqin Sharqda «Islomiy xalifalik» tashkil etilganini e’lon qilganida tanilgan edi. Avval ham uning yo‘q qilingani haqida bir necha bor xabar berilgan.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi AQSH harbiy xizmatchilari tomonidan Bag‘dodiyni yo‘q qilish uchun amaliyotlar o‘tkazilgani to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlarga ega emas. Bundan tashqari, Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, Rossiya Amerika aviatsiyasining Suriya havo hududiga o‘tishini qulaylashtirganidan xabardor emas.