O‘zbekistonning Rostov-na-Donudagi bosh konsulxonasi vakillari Astraxan viloyatida 25 nafar O‘zbekiston fuqarosiga pasportlarini qaytarib olish, oyliklari olish va Vatanga qaytishlarida yordamlashdi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

O‘tgan hafta, 24 oktyabr kuni fuqarolarning murojaatlari munosabati bilan Astraxan viloyatida sayyor qabul o‘tkazildi.

Konsul Xo‘jabaxlil Asomov o‘zbek diasporasi rahbari Bahodir Aminov bilan birgalikda ish beruvchi tomonidan pasportlari olib qo‘yilib, maoshlarini berilmayotgan 25 nafar O‘zbekiston fuqarosi bilan uchrashish uchun Xarabali tumaniga tashrif buyurdi.

«Olib borilgan ishlar natijasida hujjatlar qaytarildi va pullar to‘landi, vatandoshlar esa Vatanga yuborildi», — deyiladi TIV xabarida.

Safar jarayonida boshqa qonunbuzarliklar ham aniqlandi. Bosh konsulxona tekshiruv tadbirlarini o‘tkazishni so‘rab Astraxan viloyati hukumati organlariga murojaat qilishni rejalashtirgan.

Tashrif chog‘ida Bosh konsulxona vakili chet el fuqarolarining vaqtincha saqlash hibsxonasiga ham bordi. U yerda 50 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turish va ishlash tartiblarini buzgani uchun saqlanmoqda. 11 kishiga O‘zbekistonga qaytish uchun sertifikatlar berildi.