Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlaridan tarkib topgan komissiya tomonidan Toshkent viloyatida joylashgan Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qismlarda keng ko‘lamli o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Komissiya ish rejasiga muvofiq, harbiy xizmatchilar jangovar tayyorgarligining haqiqiy holatini baholash maqsadida sinov mashg‘ulotlari soat tonggi 6−00 da berilgan «Trevoga» signali bilan boshlandi.

Bu kabi o‘quvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini har tomonlama tekshirish, ular malakasini oshirib borishdir. Mazkur vazifani bajarish uchun dastlab Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlaridan iborat komissiya a’zolaridan turli yo‘nalishlar bo‘yicha nazoratchilar guruhi taqsimlandi. Har qanday kasb egasi bo‘lishdan qat’iy nazar insonda moslashuvchanlik ko‘nikmasi, vaziyatni to‘g‘ri baholay olish mahorati, kerakli asbob-anjomlar va ish qurollarining bo‘lishi faoliyat samaradorligini ta’minlaydi.

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari nafaqat cheksiz samoda, balki quruqlikda ham o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifani to‘la-to‘kis ado etishi kerak. Zero, har qanday uchuv apparati ham harakatni dastlab yerdan, ya’ni quruqlikdan boshlaydi.

Tekshiruv davomida uchuvchilarning havo hujumidan mudofaa tizimida amalga oshiradigan ishlari, quruqlikdagi qo‘shinlarga aviatsiya ko‘magi berishdagi vazifalari hamda jangovar topshiriqlarni bajarishda rasmiylashtiriladigan boshqaruv hujjatlari tekshirildi.

Saf ko‘rigida samo sarlochinlarining dastlab maxsus libosi, hujjatlari, qurol-aslaha va kerkakli anjomlari birma-bir ko‘zdan kechirildi. Shundan so‘ng uchuv apparatlarining jangovar holatga keltirilishi uchun buyruq berildi. Bir zumda M-8, M-24 hamda AS-225 jangovar vertolyot va samolyotlari topshiriqni bajarish uchun shay bo‘ldi. Guruh komandirlari tomonidan buyruq berilgach, ular rejalashtirilgan hududdagi shartli dushmanni yo‘q qilishdi.

O‘quv mashg‘ulotlarining ikkinchi kunida harbiy xizmatchilar pistolet va AK-74 avtomatidan otish maqshlarini bajardi. Mazkur bosqich ham kutilganidek muvaffaqiyatli ado etildi. Komissiya a’zolari harbiy qism shaxsiy tarkibining jangovar harakatlarini bir lahza ham e’tibordan chetda qoldirmay kuzatib bordi. Kerakli joyda o‘z tavsiya va takliflarini bildirib, ularning kasb mahorati ortishiga hissa qo‘shdi.

Harbiy uchuvchilar shuningdek, mashg‘ulotlar davomida xaritalar bilan ishlash, havo kemalarining turli vaziyatlarda jangovar topshiriqni bajarish bo‘yicha vazifalarni ado etish borasida sinovlardan o‘tdi.