Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston prezidentining «Adliya organlari va muassasalarini 2030 yilgacha rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari to‘g‘risida» qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Ishlab chiqilgan loyiha uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ilk strategik hujjat hisoblanadi. Ishga bunday yondashuv avvalo tizimli va barqaror bo‘lishi kerak bo‘lgan huquq ijodkorligi faoliyati uchun juda muhim.

Strategiya, intizom va tashabbus

Birinchidan, loyiha bilan quyidagi muhim dasturiy hujjatlarni tasdiqlash ko‘zda tutilgan:

  • O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalari tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi;
  • O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalari tizimini rivojlantirish strategiyasining 2020−2024 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlari;
  • O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Markaziy apparati xodimlarining ish samaradorligi ko‘rsatkichlarini aniqlash va baholash Metodikasi.

Shu tariqa adliya organlari va muassasalarini rivojlantirishning yagona strategik rejalashtirish tizimi tashkil etilmoqda.

Ikkinchidan, strategiya, intizom va tashabbus, shuningdek adliya organlari va muassasalarining joriy faoliyatini monitoring va nazorat qilish bo‘yicha barcha jarayonlarni maksimal darajada avtomatlashtirish joriy etilayotgan tizimning asosiy tarkibiy qismlaridan hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, avtomatlashtirish Adliya vazirligi faoliyatining mislsiz darajada ochiqligini ta’minlashni nazarda tutadi.

KPI va natijaga yo‘nalganlik

Adliya vazirligi Markaziy apparati xodimlarini faoliyat samaradorligini baholashning yangi tizimi sinov tariqasida dastlab Markaziy apparat faoliyatida qo‘llaniladi, keyinchalik esa u bosqichma-bosqich adliya organlari va muassasalari faoliyatiga joriy qilinishi rejalashtirilmoqda.

Rejelashtirilgan chora-tadbirlar samaradorligi va natijadorligiga erishishni baholash uchun yaqin 5 yilga mo‘ljallangan 50 dan ziyod aniq sifat va miqdor Maqsadli ko‘rsatkichlari belgilab berilgan.

Strategiyani amalga oshirish mexanizmi uning asosida har yili kelgusi yilda adliya organlari va muassasalarining aniq harakatlarini ko‘zda tutuvchi, shakl va muddat, mas’ul ijrochilar, rejalashtirilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur manbalarni ko‘rsatgan holda tezkor rejalarni qabul qilishni taqozo etadi.

Ish samaradorligining aniq ko‘rsatkichlari (Key Performance Indicators, KPI) Ijro intizomi yagona idoralararo elektron tizimi (ijro.gov.uz)ga integratsiya qilinadi.

Shu tariqa har bir xohlovchi Internet tarmog‘i orqali Adliya vazirligi faoliyatining strategik yo‘nalishlari bilan tanishishi, ular qanday bosqichda ekanini ko‘rib borishi va qanday istiqbolli vazifalar rejalashtirilgani va ularning natijalarini kuzatib borishi mumkin.

Strategik yo‘nalishlar

Birinchidan, eng muhim strategik yo‘nalishlar sifatida olib borilayotgan yagona davlat huquq siyosati va huquq ijodkorligi faoliyati sifatini takomillashtirish belgilab berilgan.

Adliya vazirligi «huquqiy tartibga solishning yo‘qligi sifatsiz, o‘ylanmagan huquqiy hujjat qabul qilishdan yaxshiroq», «jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga har qanday aralashuv ostida jiddiy, asosli va yetarli sabab bo‘lishi darkor», degan yangi ramziy shiorni joriy etishni taklif qilmoqda

Bunda mazkur vazifani huquq ijodkorligining aqlli modelini joriy etishni ko‘zda tutuvchi mutlaqo yangi usullar yordamida amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Mazkur model huquqiy munosabatlar sub’ektlarining xulq-atvor qoidalarini belgilashdagi rolini oshirishni ko‘zda tutadi va bu ayniqsa ijtimoiy-iqtisodiy soha, tadbirkorlik faoliyati uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Ikkinchidan, norma ijodkorligi va ishlarning real holati o‘rtasidagi samarali teskari aloqani ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunga ayniqsa joylarda ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qo‘llash amaliyotining tizimli ravishda o‘rganilishini ta’minlash hisobiga erishish mumkin.

Uchinchidan, davlat xizmatlari va intellektual mulk ham adliya organlari va muassasalarining strategik yo‘nalishlari sifatida e’tirof etilgan.

Bu sohada Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (Organisation for Economic Cooperation and Development, OECD) a’zosi hisoblangan dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan davlatning xizmat ko‘rsatish modeliga o‘tish ustuvor jihat sanaladi.

To‘rtinchidan, ushbu yangiliklar jamiyat, ayniqsa davlat xizmatchilarining huquqiy madaniyat darajasini izchil oshirishga qaratilgan. Bugungi kunda Adliya vazirligida aholi, eng avvalo yoshlar va ayollar huquqiy madaniyati darajasini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Biroq istiqbolda, shuningdek, davlat va huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan ularning huquqiy savodxonligini oshirish, ayniqsa inson huquqlarini ta’minlash va aholi bilan muloqot qilishning qonuniy asoslari bo‘yicha manzilli ishlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Beshinchidan, davlat xizmatlaridan tashqari Adliya vazirligi aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatish bilan ham shug‘ullanadi. Tan olish kerak, mazkur soha ish yuklamasi juda katta hisoblanadi. Notarius va advokatlarning umumiy soni mamlakatimiz aholisiga nisbati dunyo ko‘rsatkichlariga qaraganda ancha kam. Misol uchun, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo notariatning lotin tipidagi davlatlarida bitta notarius lavozimiga o‘rtacha 18 948 nafar aholi to‘g‘ri keladi. Umume’tirof etilgan standartlar bo‘yicha bir advokatga o‘rtacha 1 100 nafar odam to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda esa mazkur ko‘rsatkich bitta notariusga qariyb 36 ming nafar va bir advokatga 8 mingdan ortiq aholi to‘g‘ri keladi.

Notariuslar va advokatlar yetishmovchiligini avvalo yuqori malakali kadrlar tayyorlash va yuridik ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirish, jumladan o‘rta-maxsus ta’limni rivojlantirish, yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hisobidan qoplash rejalashtirilmoqda.

Oltinchidan, yuridik ta’lim sohasida yuksak vazifa — Toshkent davlat yuridik universitetining dunyoning eng yaxshi 1000 ta oliy o‘quv yurti reytingiga kirishini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan.

Adliya organlari xodimlari kuni

Adliya organlari xodimlari kunining belgilanishi tizim xodimlari uchun yaxshi yangilik bo‘ladi. Loyihada tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatni ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Umuman olganda, Adliya vazirligida qayd etilishicha, Adliya organlari va muassasalari tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi yaqin o‘n yillikda qo‘yilgan maqsadlarga bosqichma-bosqich erishishda o‘ziga xos dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.