2019 yilning 24 oktyabr sanasida prezidentning ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, chet ellardan xorijiy valyutadagi tushumning kelib tushishi muddatlarini kechiktirishga yo‘l qo‘ygan eksportyorlar, shuningdek, tovarlarning respublikaga olib kirilishini va ularning «erkin muomalaga chiqarish» rejimida rasmiylashtirilishini, ishlar va xizmatlar ko‘rsatishni belgilangan muddatlarda ta’minlamagan importyorlar tomonidan jarimalar to‘lashda ayrim imtiyozlar belgilandi.

Jumladan, valyuta mablag‘larining kelib tushishi yoki respublikaga tovarlarni olib kirish hamda «erkin muomalaga chiqarish» rejimida rasmiylashtirish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish:

agar jarimani qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish paytiga kelib ta’minlangan bo‘lsa — jarima qo‘llanilmaydi;

agar sudning jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini ijro etish paytiga kelib ta’minlangan bo‘lsa — qo‘llanilgan jarima to‘lanmaydi;

agar jarima qo‘llanilgandan keyin 90 kunlik muddat ichida ta’minlangan bo‘lsa — to‘langan jarima Davlat byudjetidan qaytarib berilishi lozim.