2013 yildan buyon Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Zafar Ro‘ziyev, shuningdek, IIB, prokuratura va soliq xizmatlari rahbari shanba kuni egallab turgan vazifalaridan ozod qilindi. Bu haqda viloyat ma’muriyati matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov ishtirok etgan Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

2018 yil noyabridan Jizax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimi, undan avval esa bosh vazir o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi vaziri hamda Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan Mirzayev Zoyir Toirovich Qashqadaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Xurram Jo‘rayev hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Rajabov ham vazifasidan ozod qilingan.

O‘tgan yilning yanvarida Qashqadaryo viloyati прокурори lavozimiga tayinlan Botir Yusupov lavozimidan ozod qilinib, 2018 yil fevralidan O‘zbekiston bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari, avval esa Qoraqalpog‘iston bosh prokurori o‘rinbosari va prokurori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan Erkaboy Tojiyev uning o‘rniga tayinlandi.

Bunga qadar Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Shuhrat Sotiboldiyev viloyat IIB rahbari bo‘ldi. U 2016 yil fevralidan buyon ushbu lavozimda xizmat qilib kelayotgan Dilshod Tursunboyev o‘rniga tayinlandi.

Viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Nasimov o‘rniga Azamat Bozorov tayinlandi.

Bundan tashqari, Qarshi, Chiroqchi va Mirishkor tumanlari hokimlari faoliyatidagi kamchiliklar, Kitob tumani hokimi esa salomatligi sababli vazifasidan ozod etildi.

Jamshid Fozilov o‘rniga Kasbi tumani hokimi bo‘lib ishlab kelayotgan Nurmo‘min Xolboyev Qarshi hokimi bo‘ldi.

Vazifasidan ozod qilingan Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Xurram Jo‘rayev Rustam Jo‘raqobilov o‘rniga Chiroqchi tumaniga hokim bo‘ldi.

Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari lavozimidan ozod qilingan Baxtiyor Rajabov esa avvalroq dumbul o‘g‘irlagan erkakni haqorat qilgan Ravshan Komilov o‘rniga Mirishkor tumaniga hokim etib tayinlandi.

“Mikrokreditbank” Qashqadaryo viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Zokirov Kitob tumani hokimi bo‘ldi. Tumanning sobiq rahbari Rustam Sa’dullayev salomatligidagi muammolar sababli lavozimini tark etdi.