25 oktyabrdan 26 oktyabrga o‘tar kechasi Andijonning Soy ko‘chasida joylashgan Kichik sanoat zonasi hududidagi sexlarda yong‘in yuzaga keldi, deya xabar qildi FVV YOXBB matbuot xizmati.

Yong‘inni bartaraf etilishiga 18 ta texnika jalb etilgan. Birinchi bo‘linmalar voqea joyiga yetib borganda, DINAR TEXTILE kompaniyasiga qarashli ishlab chiqarish sexning tom qismi ochiq alanga bilan yonayotganligi ma’lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 00:30 da o‘rab olinib, 02:45 da bartaraf etilgan. Yong‘in oqibatida quritish, matoga ishlov berish, mahsulotlarni saqlash ombori va bo‘yoqlash sexlarining hamda jamiyat ma’muriy binosining tomi va ichki qismlari taxminan 1500 kv metr maydonda yonib zararlangan.

Ma’muriy binoning 3-qavatida yong‘inni o‘chirishga jalb etilgan Andijon viloyati Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi 1-sonli Kasbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi qismi navbatchilik smenalari yong‘in o‘chirish ekipaji bo‘linma komandiri J.N. 2-qavatga tushib ketishi natijasida tan jarohati olgan. Unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, RSHTYOIM Andijon filialiga olib borilgan va ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Yong‘indan ishlab chiqarish chetsining taxminan 1200 kv metr maydoni saqlab qolingan. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Yong‘in holati yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.