Vazirlar Mahkamasi 21 oktyabrda 2019−2021 yillarda internetda milliy kontentni rivojlantirish dasturini tasdiqladi. Dastur jahon tarmog‘ida bilimlar axborot makonini shakllantirish, yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish va foydali veb-resurslar yaratishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilindi.

Dastur milliy veb-resurslar soni o‘sishi, shuningdek, ularni internet jahon axborot tarmog‘ida ilgari surish va ommalashtirish uchun shart-sharoitlar yaratishni ko‘zda tutadi. Elektron ta’lim resurslarini (jumladan OTMlarning) ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, maktablarda informatika bo‘yicha o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.

Vazirlik va tashkilotlarga o‘z saytlari va ijtimoiy tarmoqlarini o‘z vaqtida yangilab turish topshirildi. Dastur hududiy jurnal va gazetalarning messenjerlardagi axborot kanallarini yaratishni ko‘zda tutadi. Shuningdek, ilm-fan va ta’lim sohalarida ko‘chirmakashlikka qarshi kurashish uchun referatlar, maqolalar va ilmiy ishlar banki tashkil etiladi.

Kelgusi yilning martiga qadar Vikipediyada O‘zbekistonning taniqli sportchilari va sport tashkilotlari haqidagi sahifalar yaratiladi va aprel oyida Uznetda «Sport bolalar nigohida» portali paydo bo‘ladi.

Kelgusi yilning birinchi yarmida internetda ommalashtirish uchun milliy filmlar portali yaratiladi.