Urganch tumanidagi 2-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi S.S. o‘zi rahbarlik qilayotgan guruh tarbiyalanuvchilarini chizg‘ich bilan urib, qattiq chimchilagan, shuningdek, u mashg‘ulotlar vaqtida bolalarni och qoldirib, telefonda suhbatlashib o‘tirgan (video). Uning xatti-harakatlari xonadagi kuzatuv kamerasida qayd etilib, 24 oktyabr kuni videoyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati bayonotida qayd etilishicha, ayni vaqtda mazkur holat vazzirlik nazoratiga olingan. MTT kuzatuv kameralaridagi videotasvirlar bolalarga nisbatan qo‘llanilgan noqonuniy hatti-harakatlar bo‘yicha dalil siftida tegishli huquq tartibot idoralariga qonuniy chora ko‘rish uchun taqdim etiladi. Hozirda videokuzatuv kamerasi xotirasi saqlanuvchi xona muhrlangan.

«Ushbu holat bo‘yicha tarbiyachiga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab Urganch tumani prokuraturasiga murojaat qilinishini bildirib o‘tamiz. Holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda va uning borishi bo‘yicha barcha tafsilotlar keng jamoatchilikka taqdim etiladi», — deyiladi vazirlik bayonotida.