Kelgusi yilning yanvar oyidan Toshkentda yagona transport kartalaridan foydalangan holda yo‘l haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni boshlash rejalashtirmoqda. Bu haqda poytaxt Transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev «O‘bekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Yangi metro stansiyalarida turniketlar [transport kartalaridan to‘lovni qabul qilishga] allaqachon moslashtirilgan. To‘rt turdagi kartalar joriy etiladi: nafaqaxo‘rlar, o‘quvchilar va talabalar uchun imtiyozli kartalar, shuningdek, yagona transport kartasi bo‘ladi», — deya xabar qildi u.

To‘lovni mobil telefondan ilova orqali yoki bank kartalari (shu jumladan xalqaro to‘lov kartalari) yordamida amalga oshirish mumkin.

«Gazeta.uz» Transport vazirligi bilan bog‘lanib, transport kartalarining nafaqat Toshkent, balki butun respublika bo‘yicha amal qilinishini o‘rgandi.

Kartalarning har bir shaxs uchun maxsus chiqarilishi, unda egasining fotosurati bo‘lishi hamda davlat xizmatlari markazlarida taqdim etilishi kutilmoqda.

Kartalardan mamlakatning barcha jamoat transportlarida, jumladan, avtobuslar va metroda, Samarqanddagi tramvayda, Xorazmda trolleybusda va boshqalarda (kelajakda — yo‘nalishli taksilarda) foydalanish mumkin.

Yo‘l haqi miqdori muayyan bir mintaqada o‘rnatilgan tarifga bog‘liq bo‘lib, yo‘lovchilarning turli toifalari uchun imtiyozlar va chegirmalar hisobga olinadi.

Transport kartalaridan foydalanish foydali bo‘ladi, chunki turli xil transport turlaridan (masalan, avtobus-metro-avtobus) foydalangan holda istalgan manzilga borish mumkin bo‘lgan tariflar mavjud, bunda tarifda ko‘rsatilgan vaqt davomida qo‘shimcha haq olinmaydi.

Toshkentda tizimning joriy etilishi jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini optimallashtirish bilan bir qatorda (xususan, metro stansiyalarigacha avtobus yo‘nalishlarini ochish), yo‘lovchilarga safar vaqtini tejashga imkon beradi.