Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali qurilishi loyihasini tanladi, deb xabar beradi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Yangiliklar 24» dasturi.

Payshanba kuni Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishidagi yangi stansiyalar qurilishi bilan tanishish vaqtida davlat rahbariga bir nechta loyihalar taqdim etildi va u Samarqand uchun eng maqbul loyihani tanladi.

Dizaynida «o‘tmish va bugungi kun nafasi» bo‘lgan yangi qo‘shimcha terminal xalqaro talablarga javob beradi va soatiga 600 yo‘lovchiga xizmat qiladi, deyiladi telekanal lavhasida. Boshqa tafsilotlar haqida xabar berilmadi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan sammitiga tayyorgarlik doirasida Samarqandda yangi terminal qurilishidan tashqari, uchish-qo‘nish yo‘lagini rekonstruksiya qilish, samolyot parkini kengaytirish va aeroportning radiolokatsiya tizimini modernizatsiya qilish rejalashtirilganini yozgan edi.

Rekonstruksiya jarayonida Samarqandni boshqa shaharlar bilan bog‘laydigan poyezd va avtobus qatnovlarining soni ko‘paytirilishi kerak.

May oyida O‘zbekiston Transport vazirligi va Rossiyaning «Novaport xolding» kompaniyasi Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlarini rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzolagan edi.

Video

Foto