Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani YHXB boshlig‘ining o‘rinbosari, katta inspektor Usmon Zamonov egallab turgan lavozimidan ozod etildi, deb xabar berdi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

22 oktyabr kuni «Yangiyo‘l haydovchilari» Telegram-guruhida audio yozuv tarqatildi, unda o‘zini YHXB boshlig‘i o‘rinbosari deb tanishtirgan kishi tuman taksi haydovchilarini haqoratlaydi.

Yozuv paydo bo‘lishi haydovchilar va ularning qarindoshlarining qattiq noroziligini keltirib chiqardi. 23 oktyabr kuni bir guruh haydovchilar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi vakiliga nisbatan chora ko‘rilishi to‘g‘risida ariza bilan tuman prokuraturasiga murojaat qilishdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xabar berishicha, tergovga qadar tekshiruv davomida Usmon Zamonov Telegram`ga yozuvni yubormaganini va uning ovozi emasligini ma’lum qildi.

23 oktyabr kuni soat 21:30 atrofida Yangiyo‘l tuman YHXB binosi yaqinida 100 ga yaqin taksi haydovchilari inspektorga nisbatan choralar ko‘rish talabi bilan to‘planishdi.

Viloyat, tuman va Yangiyo‘l shahar IIB rahbarlari yig‘ilganlarga Usmon Zamonovga nisbatan rasmiy tekshiruv tayinlangani va tekshiruv davomida to‘plangan materiallar prokuraturaga yuborilishini ma’lum qildilar. Shundan so‘ng yig‘ilganlar tarqaldi, deya xabar berdi YHXB matbuot xizmati.

Boshqarmaning aniqlik kiritishicha, Zamonov dastlab audioyozuvni yozib olish va yuborishga aloqador ekanini rad etgan, ammo tekshiruvlar audioyozuvdagi ovoz unga tegishli ekanligini aniqlagan. Keyinroq tushuntirish xatida Telegram`da taksichilar tomonidan yo‘l-patrul xizmati xodimlariga nisbatan haqoratli so‘zlar aytilganidan keyin ovozni yozgani va uni jo‘natganini tan oldi.

Inspektorning harakatlari jamoatchilikning qattiq noroziligini keltirib chiqarib, fuqarolarda ichki ishlar organlariga nisbatan salbiy munosabati shakllanishiga olib keldi, viloyat IIBB rahbarining topshirig‘i bilan Usmon Zamonov egallab turgan lavozimidan chetlatildi.

Prokuraturada tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda.

Viloyat IIBBning qo‘shimcha xabar qilishicha, 1 oktyabrdan 23 oktyabrgacha bo‘lgan davr mobaynida viloyat transport boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan reydlar davomida xususiy shaklda litsenziyasiz yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi 56 haydovchiga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomalar tuzilgan va ularning avtomashinalari jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Usmon Zamonov ham reydlarda ishtirok etgan.