Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasida konditsioner va dori vositalarini sotib olishda yirik miqdordagi byudjet mablag‘lari talon-taroj qilingani aniqlandi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, tibbiyot muassasasi tomonidan elektron davlat xaridlari portaliga jami 35 mln so‘mlik 10 dona «G» markali konditsioner xarid qilish bo‘yicha xususiy korxona bilan elektron shartnoma rasmiylashtirilgan.

Biroq xususiy korxona tomonidan «G» markali konditsionerlari o‘rniga, narxi 2 mln 425 ming so‘m bo‘lgan 10 dona (24 mln 425 ming so‘mlik) «A» rusumli konditsionerlar olib kelib o‘rnatilib, jami 10 mln 575 ming so‘mlik byudjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Bundan tashqari, shifoxonada 31 holatda jami 58 mln. 305 ming so‘mlik dori vositalari qimmat narxlarga xarid qilinib, ancha miqdordagi byudjet mablag‘lari rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JKning 167-moddasi 2-qismi «g» bandi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.