Koreya Xalq Demokratik Respublikasida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati davom etmoqda. Yoshlar o‘rtasida -64 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Kumushxon Fayzullayeva 3 yo‘nalishda oltin medallarni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

17 yoshli Kumushxon dast ko‘tarishda 97 kg, siltab ko‘tarishda 125 kg, ikki kurash natijasida esa 222 kilogramm natija bilan qit’a chempionligini qo‘lga kiritdi.

Yana bir ahamiyatli jihati, hamyurtimiz bu natija bilan o‘smirlar o‘rtasida dast ko‘tarishda o‘ziga tegishli jahon rekordini takrorlagan bo‘lsa, siltab ko‘tarish va ikki kurash bo‘yicha yangi jahon rekordlarini o‘rnatishga ham muvaffaq bo‘ldi.

Ta’kidlash joiz, bu natija Fayzullayevaga Tokio olimpiadasi yo‘llanmasi uchun qimmatli reyting ochkolarini ham taqdim etadi.