O‘zbekistonning aholisi soni 1 oktyabr holatida 33,72 mln kishini tashkil etdi, deyiladi Davlat statistika qo‘mitasining demografik vaziyat to‘g‘risidagi hisobotida. Shunday qilib, yil boshidan buyon aholi soni 469 ming nafarga yoki 1,4 foizga ko‘paydi.

Respublika hududlari kesimida tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, eng ko‘p aholi soni Samarqand viloyatida respublika aholisi sonidagi ulushi 11,4 foizni tashkil etib, keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyatida 11,1 foizni, Qashqadaryo viloyatida 9,7 foizni va Andijon viloyatida 9,2 foizni tashkil etgan.

Respublika doimiy aholi sonining 30,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 59,1 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar va 10,4 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

2019 yilning 9 oyi davomida 589,7 ming bola tug‘ilgan bo‘lsa, bu davr mobaynida 112,2 mingta o‘lim holati qayd etildi.

Qayd etilgan vafot etganlarning 60,6 foizi — qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,8 foizi — o‘simtalardan, 6,4 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 5,5 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 4,2 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 1,4 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 12,1 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soni 5,3 ming nafarni tashkil etib, ularning 58,7 foizi — perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 18,2 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 12,0 foizi — tug‘ma anomaliyalardan, 2,8 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan, 2,1 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 0,7 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan va 5,5 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Aholining tabiiy o‘sishi 477,5 ming kishini tashkil etib, 2018 yil mos davriga nisbatan 36,7 ming kishiga (2018 yilning yanvar-sentyabr oylarida 440,8 ming kishi bo‘lgan) o‘sgan.

FHDYO organlari tomonidan 194,9 ming nikoh qayd etildi, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koyeffitsiyenti 7,8 promilleni tashkil etdi. 2018 yilning mos davriga nisbatan sezilarli kamayish Qashqadaryo (7,0 foiz), Xorazm (4,2 foiz), Samarqand (3,4 foiz) va Farg‘ona (2,1 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

FHDYO organlari tomonidan 23,6 mingta nikohdan ajralishlar qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikohdan ajralish koyeffitsiyenti 0,9 promilleni tashkil etdi. 2018 yilning mos davriga nisbatan sezilarli kamayish Samarqand (8,8 foiz), Navoiy (7,6 foiz) va Andijon (6,9 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Ajrimlar sonida 2018 yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahri (8,8 foiz) va Jizzax (3,9 foiz) viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

2019 yil yanvar-sentyabr oylarida respublika bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 117,6 ming kishini (115,6 ming kishi respublika hududlaridan, 2 ming kishi xorijiy mamlakatlardan), ko‘chib ketganlar soni esa 126,1 ming kishini (115,6 ming kishi respublika hududlariga, 10,5 ming kishi xorijiy mamlakatlarga) tashkil etdi. Migratsiya saldosi minus 8,5 ming kishi bo‘lib, 2018 yilning mos davrida minus 11,7 ming kishi bo‘lgan.

Migratsiya saldosining yuqori darajasi Qashqadaryo (minus 4,9 ming kishi), Samarqand (minus 4 ming kishi), Toshkent (minus 3,5 ming) viloyatlatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (minus 3,3 ming kishi) qayd etildi. Migratsiya saldosining ijobiy darajasi Toshkent shahrida (plyus 19,3 ming kishi) kuzatildi.

O‘zbekistonga doimiy yashash uchun kelganlar soni 1971 kishini tashkil etib, ularning 31,1 foizi Qozog‘iston, 23,1 foizi Tojikiston, 22,8 foizi Rossiya, 13,3 foizi Qirg‘iziston va 9,7 foizi boshqa davlatlardan keldi.