Toshkent «Ark buloq» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti orqali Italiyadan O‘zbekistonga olib kirilgan 150 dona manzarali daraxt ko‘chatlarida zararkunandalar mavjudligi aniqlandi.

«O‘zdavkarantin» matbuot xizmatining xabar qilishicha, ko‘chatlar o‘simliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan birlamchi karantin ko‘rigidan o‘tkazilganida ularda karantin ob’ekti mavjudligi bo‘yicha shubha tug‘ildi. Natijada ushbu ko‘chatlardan olingan namunalar belgilangan tartibda ekspertiza uchun «O‘zdavkarantin» inspeksiyasining markaziy karantin laboratoriyasiga yuborildi. Laboratoriya ekspertlari o‘rganishlarida ushbu manzarali ko‘chatlarda karantin ob’ekti — sitrus oqqanoti (Dialeurodes citri ash) zararkunandalari aniqlandi va ushbu zararkunandalar fumigatsiya (zararsizlantirish) yo‘li bilan yo‘q qilindi.

Bundan tashqari, Pokistondan Lahor-Toshkent HY-462 aviareysi orqali fuqaro S.F. tomonidan keltirilgan 25 kg mango mevalari «Toshkent Aero» o‘simliklar karantini chegara maskani inspektorlari S.Saydimalikov, M.Umatilayev, B.Sanayev va S.Mamatov tomonidan tekshirilganda ushbu mevalarning karantin ruxsatnomasi va fitosanitariya sertifikati yo‘qligi aniqlandi. Ushbu mahsulotlar belgilangan tartibda kesish yo‘li bilan yo‘q qilindi.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunchiligiga muvofiq, mamlakatga olib kirilayotgan karantin ostidagi mahsulotlar, shu jumladan, meva-sabzavotlar va boshqa ko‘rinishdagi o‘simliklar zararli organizmlardan holi bo‘lishi hamda karantin ruxsatnomasi va fitosanitariya sertifikatlariga ega bo‘lishi shart.