Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosariga tegishli ekani aytilayotgan audioyozuvda taksi xizmatlarini ko‘rsatuvchi haydovchilarga nisbatan haqoratli so‘zlar qo‘llanilgan.

Yozuv «Voditeli Yangiyulya» Telegram-guruhida paydo bo‘ldi. Guruh a’zolari 23 oktyabr kuni o‘zini YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Usmon deb tanishtirgan erkakka nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishini so‘rab tuman prokuraturasiga murojaat yo‘lladi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, tergovga qadar tekshiruv vaqtida gap tuman YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Usmon Zamonov haqida ketayotgani aniqlandi. Uning o‘zi audioyozuvga izoh berar ekan, ovoz uniki emasligini va yozuvni guruhga u joylashtirmaganini ma’lum qildi.

Audioyozuv jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lganini hisobga olgan holda vaziyatga oydinlik kiritish uchun Toshkent viloyati IIBB va tuman YHXB Usmon Zamonovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinladi. Yangiyo‘l prokuraturasi hozirda tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda.