18 oktyabr kuni adliya vaziri Ruslanbek Davletov Buyuk Britaniyaning Huquq universiteti (University of Law — ULaw) rahbariyati bilan O‘zbekistonda tez orada universitet filialini tashkil etishga doir loyihani amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Filialda talabalarga biznes menejmenti bo‘yicha BA (Bachelor of Arts), o‘zbek huquqi elenmentlarini o‘z ichiga olgan LLB (Bachelor of Legislative Law) va xalqaro savdo huquqi bo‘yicha LLB dasturlari bo‘yicha ta’lim berish ko‘zda tutilgan.

Tomonlar filialni tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibini tasdiqlab, moliyaviy masalalarni muhokama qildi.

ULaw — Buyuk Britaniyaning notijorat xususiy universiteti bo‘lib, u britaniyalik yurist va advokatlar uchun yuridik darajalar, maxsus yuridik tayyorgarlik va malaka oshirish kurslarini taqdim etadi.