Shu kungacha Surxondaryo viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Amirov Alisher Xurramovich Sherobod tumani hokimi etib tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Bu haqdagi qaror 22 oktyabr kuni Xalq deputatlari Sherobod tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida qabul qilindi. Sessiyada viloyat hokimi To‘ra Bobolov, tuman Kengashi deputatlari, viloyat va tuman hokimliklari vakillari, korxona va tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasining mac’ul xodimi Abdulla Tursunov ishtirok etdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Boboqulov O‘ral Abrayqulovich boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan Sherobod tumani hokimi vazifasidan ozod qilindi.

Alisher Amirov (1977 y. t.) Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti (2001) hamda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini (2004) tamomlagan.

2016 yilda Surxondaryo viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangunga qadar, “O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari — bosh muhandisi lavozimida faoliyat yuritgan.


Xuddi shu kuni Surxondaryo viloyati hokimligida o‘tkazilgan faollar yig‘ilishida shu kungacha O‘zbekiston Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tasarrufidagi “Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi"ning qurilish bo’yicha xarid va loyiha oldi hujjatlar ekspertiza qilish boshqarmasi boshlig’i lavozimida ishlab kelgan Suvonqulov Ahmad Xudayshukurovich viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Ma’lumot o‘rnida, Ahmad Suvonqulov (1968 y. t.) Toshkent davlat texnika universiteti (1994) hamda Toshkent moliya institutini (2009) tamomlagan.

Uzoq yillik faoliyati davomida Surxondaryo viloyati hokimligida kotibiyat mudiri, viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi direktori, Sho‘rchi tumani hokimining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va boshqa mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat yuritgan.