Seshanba kuni Tokioda Yaponiyaning yangi imperatori Naruxitoning rasman taxtga o‘tirishi bilan bog‘liq tantanali marosimlar boshlandi. Bu haqda Novosti axborot agentligi xabar qildi.

Imperator Naruxito Kasikodokoro ibodatxonasida o‘zining taxtga o‘tirganini e’lon qildi va qasamyodini o‘qib eshittirdi. Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe esa o‘zining tabrik so‘zida imperatorni xalq nomidan qutladi. U imperatorni Yaponiya davlatining ramzi va faxri deb atadi.

Marosimda 2000 nafar mehmon ishtirok etdi, ularning 400 nafari — turli davlatlar rahbarlari va vakillaridan iborat bo‘ldi. O‘zbekiston delegatsiyasiga Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva rahbarlik qildi.

Naruxito 1 may kuni otasi — hozirgi Faxriy imperator Akixito 30 yillik boshqaruvdan so‘ng yoshi o‘tib qolgani sababli taxtdan voz kechganidan so‘ng mamlakatning 126- imperatori bo‘ldi. Bu so‘nggi ikki yuz yil ichida ilk bor imperatorning taxtdan voz kechishi bo‘ldi.