Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va Saudiya Arabistonining Alqusaier company kompaniyasi bosh direktori Abdul Aziz al-Kusayr tomonidan imzolangan memorandumga ko‘ra, 78 gektar maydonda Namangan Sity barpo etiladi, deya xabar qildi O‘zA.

Unda biznes-markaz, zamonaviy savdo majmualari, uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar, ofislar, konferensiyalar saroyi, ko‘rgazma zallari, turar-joylar va villalar, maktab, bolalar bog‘chasi, restoranlar va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlari o‘rin oladi.

Loyihani moliyalashtirish to‘laligicha «Alqusaier company» kompaniyasi mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi. Viloyat hokimligi Namangan Sity ni elektr energiyasi, gaz, suv, kanalizatsiya tarmoqlari, yo‘l va boshqa shu kabi barcha zarur infratuzilma hamda kommunikatsiya tizimi bilan ta’minlashga doir masalalarni hal etadi. Loyihani amalga oshirish uchun kerakli ruxsatnomalarni olishda, undan foydalanish davrida malakali kadrlar bilan ta’minlashga ko‘maklashadi.

Namangan City qurilishi loyihasi tegishli hujjatlar imzolangandan so‘ng 3−5 yil ichida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.