18 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi ichki ishlar vaziri qabuliga kirish uchun Xorazm viloyatidan Toshkentga piyoda yo‘l olgan jurnalist va shoir Mahmud Rajabovga besh yarim yil muddatga shartli jazo tayinladi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Mahmud Rajabov (1963 y. t., vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlanmagan) Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «g» bandi va 246-moddasi (kontrabanda) 1-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topdi.

Sud tomonidan M. Rajabovga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llanilib, tayinlangan jazoni shartli deb hisoblab, 2 yil 6 oy sinov muddati belgilandi.

Mahmud Rajabov va uning qarindoshlari jurnalistga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini to‘xtatishga erishish hamda ichki ishlar xodimlari tomonidan bosim bo‘layotgani haqida shikoyat qilish maqsadida 22 sentyabr kuni IIV rahbari bilan uchrashish uchun piyoda yurish boshladi.

Ushbu yurishni jonli efirda yoritgan bloger Nafosat Ollashukurova (Facebook`da — Shabnam Olloshkurova) ma’muriy qamoqqa hukm qilindi va sud qarori bilan ruhiy kasalliklar dispanseriga joylashtirildi.

Uning videoyozuvlarida Mahmud Rajab boshchiligidagi guruh Gurlandan Urganchga qadar yetib borgani aksini topgan. Yurish vaqtida ular bilan uchrashish uchun Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, Urganch hokimi va boshqa mansabdor shaxslar chiqdi. Jonli efir noma’lum shaxslar bosqinidan so‘ng uzilib qoladi.