Ikki yarim yil ichida O‘zbekiston byudjet tashkilotlari xodimlariga noqonuniy ravishda 3,1 mlrd so‘mlik homiladorlik va tug‘uruq nafaqalari to‘langani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi «Huquq» gazetasi xabar qildi.

2017−2018 yillar va 2019 yilning birinchi yarmida 529,5 mlrd so‘mlik homiladorlik va tug‘uruq nafaqalari to‘langan.

O‘zbekiston prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi qaroriga (PQ-2699) muvofiq, 12 oygacha ishlagan xodimga o‘rtacha ish haqining 75 foizi, ko‘proq ishlagan xodimga esa 100 foizi miqdorida nafaqa to‘lanishi lozim. Biroq ushbu talab buzilgan va yetarlicha ish tajribasiga ega bo‘lmagan xodimlarga asossiz ravishda 345 mln so‘m to‘langan.

Bundan tashqari, nafaqani hisoblashda xodim maoshi miqdorini asossiz oshirib ko‘rsatish yoki noqonuniy yo‘llar bilan to‘lov hujjatlariga to‘lanishi lozim bo‘lgan summaga nisbatan ko‘proq pul yozish orqali respublika bo‘yicha 696,3 mln so‘m talon-toroj qilingan.

820,4 mln so‘mdan ziyod pul mablag‘lari esa byudjet muassasalarida ishlamaydigan, pensiyaga chiqib ketgan, homilador bo‘lmagan va homiladorlik ta’tiliga chiqmagan shaxslar nomiga soxta ma’lumotlar asosida homiladorlik va tug‘ish nafaqasi yozish, aynan bir xodimga bir necha marta pul hisoblash bilan o‘zlashtirilgan.

Gazetaning qayd etishicha, hatto erkak kishilarga ham soxta ma’lumotlar asosida homiladorlik va tug‘ish nafaqasi yozilgan. Xususan, Jizzax viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri iqtisodchisiga 2,1 million so‘m va Jizzax shahridagi 20-maktab qorovuliga 900 ming so‘m homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘langan.

Xabar qilinishicha, byudjet mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishini ta’minlashga mas’ul shaxslar talon-torojga sherik bo‘lgan. Xususan, Sirdaryo viloyati moliya boshqarmasi yetakchi iqtisodchisi O.A. kollejlarning bosh hisobchilari bilan til biriktirib, soxta hujjatlar asosida 358 million so‘m homiladorlik va tug‘ish nafaqasini o‘zlashtirgan.

O‘rganishlarda jami 1 275 ta byudjet muassasasida ushbu maqsad uchun ajratilgan 3,1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ noqonuniy sarflangan. Bu mablag‘larning katta qismi Jizzax viloyati (1,5 mlrd so‘m), Sirdaryo (499 mln so‘m), Samarqanda (266 mln so‘m), Qashqadaryo (207 mln so‘m), Farg‘ona (162 mln so‘m) va Surxondaryo (162 mln so‘m) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qonunbuzarliklar uchun 61 kishi intizomiy, 141 kishi ma’muriy, 2 kishi esa jinoiy javobgarlikka tortildi. 50 kishi nomiga taqdimnoma kiritilgan bo‘lsa, 14 ta noqonuniy hujjat bekor qilindi.

1,1 mlrd so‘mlik zarar ixtiyoriy ravishda qoplandi, 30 fuqaroning huquqlari tiklandi.