2019 yil 16 oktyabr kuni soat taxminan 17:00larda Toshkentdagi «Universal» sport saroyida bo‘lib o‘tayotgan karate bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi musobaqasida nizoli holat kelib chiqqan, deya xabar qildi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.

Video

Unda musobaqa hakami Azizbek Bo‘riyev, Toshkent viloyati «Chempion» karate sport klubi treneri Dilshod Yusupov hamda Surxondaryo viloyati karate milliy federatsiyasi treneri Abdulaziz Ismatullayev o‘rtasida musobaqa yakuniy natijasi yuzasidan o‘zaro tortishuv kelib chiqqan. Mazkur kelishmovchilik oqibatida biror bir shaxs tan jarohati olmagan, deya qayd etdi Sport vazirligi.

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi rayosati yuqoridagi sport mutaxassislariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinladi. Tekshiruv yakuni yuzasidan O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi hakami Azizbek Bo‘riyevni ikki yilga hakamlik ish faoliyatidan chetlashtirish, Surxondaryo viloyat karate milliy federatsiyasi treneri Abdulaziz Ismatullayevni uch yilga va Toshkent viloyati «Chempion» karate sport klubi treneri Dilshod Yusupovni ikki yilga trenerlik faoliyatidan chetlashtirish haqida qaror qabul qilindi. Musobaqa bosh hakami Qosimjon Qoraboyevga esa hayfsan e’lon qilindi.

O‘z navbatida mazkur holat ishtirokchisi, karate bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi katta treneri hamda oliy toifali trener Azizbek Bo‘riyev ma’naviy-axloqiy va boshqa normalarni buzgani sababli milliy terma jamoa tarkibidan chiqarildi.

Avvalroq karate bo‘yicha O‘zbekiston milliy termasiga eronlik Shaxab Sultoniy bosh murabbiy etib tayinlangan edi.