Ekspertlar ta’kidiga ko‘ra, ko‘proq mavsumiy meva va sabzavotlarni iste’mol qilish va nosog‘lom oziq-ovqat iste’molini kamaytirish BMTning Barqaror Rivojlanish Maqsadlarining dunyo bo‘ylab «nol darajadagi ochlik» maqsadiga erishishda juda muhim omildir.

17 oktyabr kuni poytaxtda 30 dan oshiq tashkilotlar, ilmiy markazlar vakillari va Toshkent Davlat agrar universiteti studentlari ishtirokida Butunjahon oziq-ovqat kuniga bag‘ishlangan «Sog‘lom ovqatlanish: kelajagimiz o‘z qo‘limizda» shiori doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirda sog‘lom ovqatlanishning inson salomatligiga ta’siri masalalari muhokama qilindi.

Tadbir Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Agrar universiteti hamda Birlashgan Millatlarning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida bo‘lib o‘tdi.

Yillar davomida dunyo mamlakatlari ochlikka qarshi kurashda muvaffaqiyat qozonganiga qaramasdan, FAO ma’lumotlariga ko‘ra 800 milliondan ortiq odam to‘yib ovqatlanmaydi. Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligi masalalari nafaqat uning miqdori, balki iste’mol qilinadigan taomning sifatini ham o‘z ichiga qamrab oldi. Noto‘g‘ri ovqatlanish va uning inson sog‘lig‘iga zarari dunyoning barcha mamlakatlarida muammo darajasiga ko‘tarilmoqda.

Nimalar qilish zarur?

Bugungi kunda yuqori hosil beruvchi asosiy ekinlar fermer dalasidan tortib to dasturxonimizgacha bo‘lgan oziq-ovqat tizimimizda afzal ko‘riladi. Intensiv ishlab chiqarish nafaqat bizning oziq-ovqat ratsionimizga, balki o‘zgarayotgan iqlim ta’siri bilan birgalikda tabiatdagi bio-xilmaxillikning ham yo‘qolishiga olib keladi.

Dunyoda insoniyat iste’moliga yaroqli 6000 dan ortiq o‘simlik turi bo‘lsa, ayni damda yetishtirilayotgan o‘simliklarning atigi 9 turi umumiy ekinlarning 66 foizini tashkil qiladi. Yashash uchun zarur bo‘lgan kaloriyalarni esa biz asosan bug‘doy, makkajo‘xori va guruchdan olamiz.

Oziq-ovqatning xilma-xilligi, arzonligi sog‘lom ovqatlanish va atrof-muhitni asrashda katta ahamiyat kasb etadi.

Tadbir doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sog‘lom ovqatlanish va agrolandshaftlarga bag‘ishlangan foto ko‘rgazma tashkil etildi hamda Qishloq ho‘jaligi vazirligi va FAO vakolatxonasi tomonidan e’lon qilingan fotosuratlar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.


O‘zbekiston FAOga 2001 yilda a’zo bo‘ldi. 2014 yilda FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ish boshladi. 2022 yilgacha hamkorlik rejasiga binoan, FAO bir necha ustuvor yo‘nalishlarda O‘zbekiston hukumatiga yordam ko‘rsatadi: Qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa davlat tashkilotlariga institutsional va strategik yordam, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, bozorga kirish zanjirlari va tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, iqlim o‘zgarishi va bioxilmaxillik.