Oktyabr boshida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi avtomobillarning orqa yon oynalarida parda yoki boshqa buyumlardan foydalanishni taqiqlashni ko‘zda tutuvchi hukumat qarori loyihasini e’lon qilgan edi.

Payshanba kuni Axborot va omaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev nima uchun IIV pardalarga qarshi chiqayotgani, vaholanki qonunchilik buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlamasligi haqida so‘radi. Aniqrog‘i, YHXBB bo‘linmalari haydovchilarni pardadan foydalangani uchun jarimaga tortish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sudlarda yutqazmoqda.

Akmal Yunusov.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusov sudlar tomonidan jarimalar asossiz deb topilayotganiga qaramasdan YHXBB pozitsiyasi o‘zgarmay qolishini ma’lum qildi.

«Biz Buxoro shahar ma’muriy sudida yutqazganimizdan so‘ng biz bayonot berdik. Bizning pozitsiyamiz o‘sha-o‘sha. Viloyat sudida ham yutqazdik, bu tabiiy holat. Fuqarolar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishadi. Biz ham yuqoridagi sudlarga [apellyatsiya] topshirish huquqiga egamiz», — dedi u.

Xushnudbek Xudoyberdiyev bu holatni «g‘ayritabiiy» deb atadi.

«Fuqaro o‘z huquqini himoya qilib sudga murojaat qiladi, bunga bir necha oylarini yo‘qotadi. Buxorodagi holat aprelda bo‘lgan edi, sud qarori sentyabrda chiqdi. Bunga besh oy ketdi. Bu g‘ayritabiiy jarayon», — dedi u.

Huqushunos «haqiqat ular tomonda» ekan, u holda nima sababdan IIV orqa yon oynalarga parda ilishni qonun yo‘li bilan taqiqlash uchun tuzatishlar loyihasini tayyorlaganini ham so‘radi.

Akmal Yunusov amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar sudlarda noto‘g‘ri talqin etilayotgani, shu boisdan tushunmovchiliklarga barham berish uchun o‘zgartishlar kiritish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

«Bu shunchaki loyiha, hali tasdiqlangani yo‘q. Hozir muhokamalar ketmoqda, aksariyat izohlar salbiy, biz buni bilamiz. Ayrim davlat organlari ham qarshi chiqmoqda. Bu masala ko‘rib chiqiladi», — dedi YHXBB matbuot xizmati rahbari.

«Gazeta.uz» muxbiri orqa yon oynalarga parda ilish YTHlar soniga ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risida tadqiqotlar o‘tkazildimi, bu yo‘nalishda statistik ma’lumotlar bormi, deya savol berdi. Akmal Yunusov aniq statistik ma’lumotlar yo‘q, deya javob berdi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov fuqarolarni noqulay vaziyatga solib qo‘yadigan bunday pozitsiya bilan aholining hurmatini qozonib bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Men bu borada tegishli rahbarlar bilan gaplashdim… Biror narsaga ruxsat berilishi va nimaning taqiqlanishi mantiqan to‘g‘ri ekanini hamma tushunishini istarman. Tonirovkaga ruxsat berilgan… Ba’zilar kostyumni orqa oynaga osib qo‘yish mumkinmi, deb so‘rashadi. Biz [orqa yon oynalarda parda va boshqa narsalardan foydalanishni taqiqlash to‘g‘risidagi] talab mutlaqo mantiqsiz ekanini to‘g‘ri tushunamiz. Bu loyiha, men bu masala bilan endi shug‘ullana boshladim. Agar kerak bo‘lsa, biz rahbariyatga taklif kiritamiz: kim bunga qay darajada qiziadi», — dedi u.

Shoxrux G‘iyasovning aytishicha, Ichki ishlar vazirligining maqsadi odamlar uchun eng qulay sharoitlarni yaratishdir.

«Ammo agar biz bu taqiqni talab qilsak, biz hech qanday natijaga erisha olmaymiz», — deb ogohlantirdi u.

Kelgusida IIV qaror qabul qilishda buning fuqarolar hayotini qanchalik osonlashtirishidan kelib chiqadi, deya ishonch bildirdi matbuot kotibi.