O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Biznes tuzilmalar va fermerlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan «Investitsiya Kodeksining mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini oshirishdagi zarurligi» mavzusida tashkil etilgan tadbirda Investitsiya kodeksi ishlab chiqish haqida so‘z yuritildi. Bu haqda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Baxtiyor Ruhiddinov ma’lum qildi.

O‘zLiDeP faollarining aytishicha, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning eng muhim asosi bu, investitsiya qonunchiligi bilan bog‘liq. Tahlillarga ko‘ra, sohani tartibga solish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining «Investitsiya faoliyati to‘g‘risida"gi, «Xorijiy investitsiyalar to‘g‘risida"gi, «Xorijiy investorlar kafolatlari va huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar, shuningdek, 100 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlardan foydalaniladi.

Tadbirda partiya saylovoldi dasturi loyihasining Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish yo‘nalishida ham bu borada ustuvor vazifalar belgilab olingani ta’kidlab o‘tildi. Xususan, partiya qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk huquq va kafolatlarining ishonchli himoyalanishini ta’minlash, tadbirkorlik rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siq va cheklovlarni olib tashlashning istiqbollariga qaratilgan aniq vazifalarni qamrab olgani aytib o‘tildi. Zero, O‘zLiDeP O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibardorligini oshirish — bu mamlakatning jadal va barqaror rivojlanishi, iqtisodiyotni raqobatbardoshligining eng muhim va zarur sharti ekaniga ishonadi.

Tadbirda so‘z olganlarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonga investitsiya kiritish jarayonida shunchalik ko‘p hujjatlar bilan ishlash, ularning har biri bilan alohida tanishib chiqish, investitsiya huquqni qo‘llash jarayonidagi murakkabliklarning mavjudligi investorlarga ma’qul kelmayapti. Shu bilan birga, sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zgaruvchanligi, qonunlardagi havolaki normalarning ko‘pligi investitsion muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatib, investorlarning ishonchsizligiga sabab bo‘lmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, partiya investitsiya sohasidagi muammolarni barataraf etish, qulay investitsion muhit yaratish orqali yalpi ichki mahsulot hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida investitsiya jarayoni bilan bog‘liq amaldagi qonun va qonunosti hujjatlarni unifikatsiya qilish orqali yangi Investitsiya kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish xozirgi kunning dolzarb vazifasi deb hisoblaydi. Shu maqsadda partiya milliy qonunchilik va xalqaro tajribani inobatga olgan holda mahalliy tadbirkorlar va investorlar uchun tushunarli bo‘lgan yagona Investitsiya kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish g‘oyasini ilgari surmoqda. Investitsiya kodeksi — O‘zbekistonda investitsiya jarayonini tizimli tartibga soluvchi yagona, mukammal va investorlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan hujjat bo‘lishi lozimligi ta’kidlanmoqdp.

Kodeksda quyidagilarni nazarda tutish taklif etiladi:

— Davlat investitsiya siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilash;

— Qulay investitsion muhitni shakllantirish uchun davlat va mahalliy boshqaruv organlarining vazifalari va majburiyatlarini aniqlashtirish;

— Investitsiyalar, investorlar turlari va shakllarini aniq belgilash, investitsiya kiritish jarayonini hisobini yuritish tizimini joriy qilish;

— Investitsiya loyihalarini joylashtirishda hududlarning salohiyatini, xom-ashyo, mehnat resurslarini hisobga olgan holda taqsimlash tamoyiliga qat’iy rioya etish;

— Investitsiya kiritish jarayonida investorlarga yer uchastkalari, bo‘sh binolar ajratish, muxandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashtirish;

— Investorlarga O‘zbekistonda yashash huquqini berish bilan bog‘liq masalarni aks ettirish;

— Mahsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari maqomini aniq belgilash;

— Valyuta operatsiyalaridagi ustuvorlik va erkinliklarni ko‘zda tutish;

— Investitsiya kiritganlik uchun imtiyozlarni qo‘llash qoidalarini aniq belgilash maqsadga muvofiq.

Tadbir davomida shu va boshqa masalalarga ham alohida e’tibor qaratilib, ishlab chiqilayotgan Investitsiya kodeksiga zarur taklif va tavsiyalar berildi.