Ufada voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinayotgan tojikistonlikka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Respublikaning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi mazkur masalani nazorat ostiga oldi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

«Vesti-Bashkortostan» tomonidan e’lon qilingan videolavhada 15 yoshli qiz ikki yil davomida Tojikistondan bo‘lgan, Ufada qonuniy istiqomat qiluvchi 44 yoshli Komiljon To‘raboyev tomonidan zo‘ravonlikka duch kelganini ma’lum qiladi. Yaqindagina jabrlanuvchi huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat yozishga qaror qiladi. Natijada qiz ijtimoiy boshpanaga, onasi esa chet elliklarni vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirildi.

«U meni 2017 yilda mast holda zo‘rladi. O‘shanda 12 yoshda, u esa 43 yoshda edi. Bu ikki yil davom etdi. Men hech kimga hech narsa ayta olmadim, chunki u meni qo‘rqitdi. Onamning hujjatlarida muammolar bor edi. U onamga soxta hujjatlar tayyorlab bergan ekan. Onamni deportatsiya qilishadi, opamni esa maktabdan haydab yuborishadi, deb qo‘rqdim. Men kichkina edim va hech narsani tushunmasdim. Men qo‘rqdim va oilam uchun sabr qildim», — deyiladi yozuvda.

Qiz onasi va opasiga sodir bo‘lgan hodisa haqida so‘zlab beradi. So‘ngra ular prokuraturaga ariza yozishadi, jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, ularni Kirov IIBBga yuborishadi.

«Biz yordam so‘rab, uni qamoqqa olishlarini so‘rab keldik, biroq ular buning o‘rniga onamni olib qolishdi, bizni esa yetimxonaga joylashtirishdi. Biz onamdan ajralishni xohlamadik, biroq bizni aldashdi va bu faqat bir kunga ekanini aytishdi. Biroq 20 kun o‘tib bo‘ldi, bizga onam bilan ko‘rishishga ruxsat berishmayapti, ishda hech qanday o‘sish yo‘q. Mening ishimni yana 3 oyga uzaytirishdi. Kimga murojaat qilishni bilmaman. Bizga yordam kerak», — dedi qiz.

O‘tgan seshanba kuni O‘zbekistonning bosh konsuli Fariddin Nasriyev jabrlanuvchining onasi bo‘lgan markazga bordi, u va uning advokati bilan suhbatlashib, mahalliy tergov organlariga rasman murojaat qildi. Komiljon To‘raboyevga nisbatan uni qamoqqa olish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.

Boshqirdinston IIV jabrlanuvchining onasiga nisbtan sud qarori qabul qilingan, u migratsion qonunchilikni buzgani uchun Rossiya hududidni tark etishi lozimligini ma’lum qildi. Uning 2020 yil iyuliga qadar Rossiya hududiga kirishi taqiqlangan.