«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi xonanda Jahongir Otajonovga konsert-tomosha faoliyati uchun berilgan litsenziyasini qayta tikladi. Bu haqda tashkilot direktori Odiljon Abduqodirov 16 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Jahongir Otajonovning litsenziyasi bir necha kun muqaddam to‘xtatilgan edi. «O‘zbekkonsert» xabarida so‘nggi vaqtlarda Jahongir Otajonov tomonidan san’atkor odobiga, milliy urf-odatlarimiz va odob-axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan nomunosib harakatlar kuzatilayotgani ta’kidlab o‘tilgan edi.

Buning ortidan bir qator jamoatchilik vakillari, shuningdek Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov xonandani himoya qilib chiqdi.

Uchrashuvda Shahlo Ahmedova (u 2018 yil noyabrida litsenziyadan mahrum etilgan edi), Xalima Ibragimova (joriy yil fevralida) va Abdulla Qurbonov (may) litsenziyalari ham qayta tiklangani to‘g‘risida ma’lum qilindi.

Litsenziyaning amal qilish muddati tugatilgani san’atkorning konsertlar, to‘y-marosim va boshqa tadbirlarda ishtirokini, shuningdek uning televideniye va radio orqali chiqishlarini taqiqlaydi.

Kechqurun e’lon qilingan rasmiy bayonotda «O‘zbekkonsert» ilgari ayrim sabablarga ko‘ra, taqiqqa uchragan xonandalarga bugun prezidentning g‘amxo‘rligi, bag‘rikengligi hamda kechirimliligi bois yana erkin ijodiy faoliyat yuritishlariga imkon berilgani ta’kidlanadi.

«Mana shu ishlarning yana bir namunasi sifatida bugundan boshlab, ayrim sabablarga ko‘ra, litsenziyalari vaqtincha to‘xtatilgan yana bir qator xonandalarga ijodiy faoliyatlarini davom ettirishlari uchun imkoniyatlar yaratilgani ma’lum qilindi», — deya qayd etgan tashkilot yuqorida nomi keltirilgan san’atkorlar «bundan buyon o‘z ijodlarini rivojlantirish va xalqimizga astoydil xizmat qilishlarini bildirgani»ni ma’lum qildi.