O‘zbekistonda 15 oktyabrdan un narxining davlat tomonidan belgilanishiga chek qo‘ydi. Bu Vazirlar Mahkamasining 14 oktyabrdagi «Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida o‘z aksini topdi.

Nima o‘zgardi?

15 oktyabrdan boshlab un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa barcha g‘allani barcha iste’molchilarga hech qanday cheklovlarsiz to‘liq birja savdolari orqali sotish joriy etilmoqda. Bunda bug‘doyning dastlabki narxi sotuvchi tomonidan amaldagi xarid narxlari hamda ishlab chiqarish, tashish, saqlash va boshqa xarajatlarga asoslanib shakllantiriladi.

Davlat xaridlari doirasida sotib olingan bug‘doyni qayta ishlashdan olingan un barcha iste’molchilarga to‘lov 100 foiz oldindan to‘langan holda ochiq birjalarda sotiladi. Ayni vaqtda, 1 dekabrga qadar yoki o‘tish davrida qolipli non ishlab chiqaruvchilarga birja savdolarida sotib olingan un uchun oldindan to‘lov miqdori 30 foiz miqdorida belgilanib, yakuniy hisob-kitobni 10 kun ichida amalga oshirishga ruxsat berilmoqda.

Qaror bilan un narxi keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida un ishlab chiqarishga beriladigan bir tonna bug‘doyning ulgurji narxi 1 mln. 300 ming so‘m miqdorida belgilanmoqda. Ya’ni, bug‘doyning o‘rtacha xarid narxi 1 mln. 420 ming so‘mligini hisobga olsak har bir tonna bug‘doyning narxidan 120 ming so‘mi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Un ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan bug‘doy «O‘zdonmahsulot» korxonalari o‘rtasida ichki aylanmasi ishlab chiqarish, tashish va saqlash xarajatlarini hisobga olgan holda QQSsiz ulgurji narxlarda (1,3 mln so‘m) amalga oshiriladi.

Non narxi yana ko‘tariladimi? Un narxining liberallashuvi qolipli non narxiga ta’sir ko‘rsatib ulgurdi — 15 oktyabrdan Toshkentda uning narxi 1350 so‘mdan 1500 so‘mga ko‘tarildi. Qarorga berilgan sharhda keltirilishicha, o‘rganishlar un va non narxini sun’iy ravishda ushlab turish siyosati amalda o‘zini oqlamaganini, davlat tomonidan belgilab berilgan arzon narxdagi un va non mahsulotlari aksariyat hollarda aholiga yetib bormayotganligini va davlat tomonidan don yetishtirish, un va non ishlab chiqarish sohalariga berilayotgan imtiyozlar kutilgan natijani bermayotganligini ko‘rsatdi.

15 oktyabrga mamlakatda ishlab chiqarilgan 1 kg birinchi navli un narxi 1400 so‘m etib belgilangan. Vaholanki bir tonna un ishlab chiqarish uchun 1 tonna 333 kilogrammdan ortiq bug‘doy sarflanishini hisobga olsak, bir tonna un ishlab chiqarish uchun o‘rtacha xarid narxida hisoblaganda salkam 1,9 mln so‘mlik bug‘doy sarflanadi. Ya’ni, unning belgilangan ulgurji narxi bilan sarflanadigan bug‘doy qiymati o‘rtasidagi farqning o‘zi, boshqa xarajatlarni hisoblamagan taqdirda ham 500 ming so‘mni tashkil etmoqda yoki un ishlab chiqaruvchi shuncha zarar ko‘rmoqda.

Shu sababdan ham 2 oktyabr kuni O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi bug‘doy, un va non narxini liberallashtirishni so‘rab hukumatga murojaat qildi. Fermerlar narxlarning boshqarilishi ularning ertangi kunga ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlashdi.

Liberalizatsiya — yaxshimi?

Moliya vazirligi narxlarning bozor narxlari asosida liberallashtirilishi resurslarning samarali taqsimlanishi hamda bozorda sog‘lom raqobatga xizmat qilishini ta’kidladi. Bunda ham ishlab chiqaruvchilarning, ham iste’molchilarning manfaatlari hisobga olinadi.

Bundan tashqari, yangi mexanizmning un kombinatlari manfaatdorligini oshirib, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilishlari uchun moliyaviy imkoniyatlar bilan ta’minlaydi. Natijada mahsulotlar sifati yaxshilanib, hajmi oshadi, mehnat samaradorligi ortadi.

Narxlarning erkinlashtirilishi qishloq xo‘jaligi sektorini mahalliy va xorijiy investorlar uchun yanada jozibador qiladi. Bu esa yuqori sifatli bug‘doy navlari va boshqa boshoqli ekinlarni yetishtirish jarayoniga innovatsion yechimlar hamda texnologiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.

Vazirlik davlat aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishda davom etishini ta’kidlab o‘tdi. Biroq bunda non ishlab chiqaruvchilari manfaatlariga zarar yetkazmagan holda manzilli yordam ko‘rsatiladi.

O‘zgarishlar haqida batafsilroq

Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Bahrom Ashrafxonovning «Gazeta.uz»ga izoh berishicha, davlat 1994 yildan beri davom etib kelayotgan un narxini ma’muriy boshqarish amaliyotiga chek qo‘ydi. O‘shanda hukumat g‘alla yetishtiruvchi va un ishlab chiqaruvchi korxonalar «oyoqqa turishlari» va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashlari uchun yoqilg‘i va mineral o‘g‘itlarni sotib olishga imtiyozli davlat kreditlarini taqdim etdi.

Narxlarni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) ko‘rinishidagi davlatning mutlaq aralashuvi o‘tgan yilning 15 sentyabriga qadar davom etdi. So‘ngra qolipli nonni erkin bozor narxida sotish bo‘yicha yangi tartiblar joriy etildi.

«Yoqilg‘i va mineral o‘g‘itlarni ham deklaratsiya qilingan narxlarda emas, balki birjada bozor narxida sotish boshlandi, biroq fermerlar zarar ko‘rishni boshladi. Chunki bug‘doyni qayta ishlash korxonalari bug‘doyni bozor narxida sotib oldi, 1 kg bug‘doy uni esa hukumat tomonidan belgilangan narx — 1400 so‘mdan sotildi. Fermerlar esa befoyda bo‘lgani sababli bundan keyin bug‘doy ekmasliklarini yoki narxlarni barcha uchun «qo‘yib yuborishlarini so‘radi», — deya izoh berdi Bahrom Ashrafxonov.

2−9 oktyabr kunlari deputatlar Fermerlar kengashi murojaatini o‘rgandi. Ishchi guruhlari 298 ta fermer xo‘jaligi va dehqon xo‘jaliklari, 28 ta «O‘zdonmahsulot» ob’ekti hamda 96 ta savdo tashkiloti faoliyati bilan tanishdi.

«Biz bir kilogramm unning tasdiqlangan chakana narxi 1750 so‘m ekanini aniqladik. Biroq bu narxda deyarli hech kim sotmadi. Deputatlar o‘rganishlar jarayonida davlat narxida 87500 so‘mdan sotib olib olingan 50 kg lik un qopini bozorlarda 110−150 ming so‘mdan, ya’ni bir kilogramini 2200 so‘mdan 3000 so‘mgacha narxda sotilgan. Non ham 1100 so‘mdan sotilishi kerak bo‘lgan holda 1300 so‘m va undan yuqori narxdan sotilgan. Novvoyxonalar barcha xarajatlarni qoplash uchun nonni 600 gramdan emas, balki 450 gramdan sotmoqda. Barcha jarayonlar buzilgan — qog‘ozda tasdiqlangan narxlar bor, amalda esa yo‘q», — dedi Pensiya jamg‘armasi rahbari.

Moliya vazirligi agrosanoat majmuasi moliyasi va atrof muhitni muhofaza qilishni moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Mirzayev 1 tonna bug‘doyning o‘rtacha xarid narxi davlat tomonidan kafolatlangan 1,2 mln so‘mlik xarid narxi hamda bir gektarlik maydondagi hosildan kelib chiqqan holda 20 foizgacha ustama hisobiga 1,42 mln so‘mni tashkil etishini qayd etib o‘tdi.

Hukumat avvaliga 3,02 million tonna bug‘doy sotib olishi kerak edi, biroq amalda 3,55 mln tonna olindi.

Hukumatning hisob-kitoblariga ko‘ra, bug‘doy birjada 10−15 foizlik savdo ustamasi va 3−5 foizlik birja narxi bilan 1,42 mln so‘mdan sotilganda, un narxi 2750−2900 so‘mga, ya’ni qozoq uniga yaqin narxga yaqin darajaga qadar o‘sadi.

Shu munosabat bilan 2019 yilgi hosildan 1 tonna bug‘doyni un ishlab chiqarilishi uchun 1,3 mln so‘mlik ulgurji narxda sotishga qaror qilindi. Bunda 120 ming so‘mlik farq Moliya vazirligi tomonidan qoplanadi. Ushbu choralar hisobiga unning birja narxlarining 2,1−2,2 mln so‘m, chakana narxi esa 2,5 mln so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, 2020 yil 1 iyulga qadar mahalliy undan qolipli non ishlab chiqaruvchilar uchun QQS bo‘yicha imtiyoz saqlab qolindi. Bu bug‘doyni qayta ishlash korxonalarini qo‘llab-quvvatlash va narxlar o‘sishiga yo‘l qo‘yaslik uchun amalga oshirilmoqda.

«1 tonna un ishlab chiqarish uchun 1 tonna 333 kg bug‘doy sarflanadi. Chiqish 75 foizni tashkil etadi. Agarda joriy narxlar bo‘yicha hisob-kitob amalga oshirilsa, u holda 1 tonna un ishlab chiqarish uchun 1,9 mln so‘mlik bug‘doy sarflanadi, unni esa biz 1,4 mln so‘mdan sotmoqdamiz. Ya’ni 1 kg un uchun zarar miqdori 500 so‘mni tashkil etmoqda», — dedi To‘lqin Mirzayev.

Ma’muriy-buyruqbozlik boshqaruvi o‘rniga intervensiya qo‘llaniladi. «O‘zdonmahsulot»ga Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda birjaga uzluksiz bug‘doy yetkazib berish, talab oshgan taqdirda qo‘shimcha bug‘doy va un hajmini ta’minlash topshirildi. Narxlar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan monitoring qilinadi.

Avvallari savdo birjalarida faqatgina hokimiyatlar tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdagi muayyan kompaniyalar va ixtisoslashgan uyushmalar a’zolari ishtirok etgan bo‘lsa, endilikda cheklov yo‘q — har qanday kompaniya savdolarda qatnashib, ozuqa bug‘doyini sotib olishi mumkin.

To‘lqin Mirzayev nima uchun un narxini sudsidiya qilish ijtimoiy vazifalarini bajarmagani, balki suiiste’mollikka olib kelganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim tadbirkorlar unni davlat narxida sotib olish uchun soxta novvoyxonalar ochib, so‘ngra uni qimmat narxda sotish bilan shug‘ullangan.

«Bunday novvoyxonalarda hattoki pechning o‘zi yo‘q. Biroq davlat va bozor narxlarida farq bor. Ular tanishlari orqali soxta qog‘ozlarni rasmiylashtirib, bundan pul ishlashgan. Korrupsiyani yo‘q qilish uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni (kompensatsiya) yaxshilash kerak», — dedi u.

Mahalliy un narxiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan biri — Qozog‘iston uni importi.

«O‘zbekiston asosan Qozog‘istondan un import qiladi. Dollar kursi oshgani sababli olib kirilayotgan un narxi bir oz oshdi. Shuningdek, kuzgi mavsum boshlandi, un iste’moli oshmoqda. Agarda dollar kursi pasaysa, Qozog‘iston uni narxi ham tushadi. Yagona xavf — dollar kursining oshish ehtimoli hamda buning ortidan import qilinayotgan un va bug‘doyning qimmatlashuvi», — dedi Moliya vazirligi mutaxassisi.

Aholining kam a’minlangan qatlamlari nima qiladi?

Pensiya jamg‘armasi rahbari o‘rinbosari Shuhrat Davronovning qayd etishicha, avvallari aholining kam ta’minlangan qatlamlarining un va qolipli non xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi (22,3 ming so‘m) miqdorida kompensatsiya to‘langan edi. Endilikda ushbu mablag‘ miqdori 50 ming so‘mgacha oshiriladi, kompensatsiya oluvchi toifalar soni 9 tadan 11 taga oshiriladi.


«Diqqat qaratish lozimki, qarorda hujjat 14 oktyabrda qabul qilinganiga qaramasdan, 1 oktyabrdan kompensatsiya miqdorini oshirish belgilangan. Oy boshida 22300 so‘m olishgan edi, endi biz 15 oktyabrdan qo‘shimcha ravishda 27700 so‘m to‘laymiz», — dedi Bahrom Ashrafxonov.

2019 yil 1 oktyabridan kompensatsiya oluvchi aholi toifalari qatoriga 14 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun tayinlangan nafaqa oluvchi oilalar hamda belgilangan eng kam yoshga doir pensiya miqdorida pensiya oluvchilar kiritildi.