Toshkent davlat stomatologiya instituti Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi bilan qo‘shma fakultet tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzoladi, deya xabar qildi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Mazkur fakultet 2020−2021 o‘quv yilidan Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasida o‘z faoliyatini boshlaydi va ta’lim jarayoni kredit — modul tizimi asosida amalga oshiriladi.

Kelgusida ushbu hamkorlik shartnomasi doirasida Toshkent davlat stomatologiya instituti pedagoglari muntazam ravishda Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi pedagoglari uchun mahorat darslarini va o‘quv jarayonini tashkil etish bo‘yicha uslubiy yordam berishlari, ma’ruza va seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazishga ko‘maklashish, shuningdek, talabalarning ham o‘quv-ilmiy dasturlarda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

TDSI 2014 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasining stomatologiya fakulteti bazasida tashkil etilgan. OTMda ta’lim bakalavriatda ikki yo‘nalish, magistraturada beshta mutaxassislik va klinik ordinaturada to‘qqizta yo‘nalish bo‘yicha olib boriladi. Institutda Rossiyaning uchta, Ukrainaning bitta oliy ta’lim muassasasi bilan bir nechta qo‘shma fakultetlar ochilgan.