Ispaniya Oliy sudi dushanba kuni 12 nafar siyosatchiga nisbatan 2017 yilda noqonuniy referendum o‘tkazganlik va hududiy parlament mustaqilligiga yetakchilik qilgani munosabati bilan sud hukmini chiqardi. To‘qqiz nafar siyosatchi isyon chiqarishda aybdor deb topilib, 9 yildan 13 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Yana uch nafari esa jarimaga tortildi. Sud hukmi o‘qilganidan so‘ng ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi, deya xabar qildi Novosti axborot agentligi.

Avtonom hamjamiyat mustaqilligi uchun kurashayotgan Assemblea Nacional Catalana va Omnium Cultural jamoat tashkilotlari tarafdorlarini Barselona, Tarragona, Lerida va Jironada gi ispan hukumati vakolatxonalari binolariga borishga chaqirmoqda. Eng murakkab vaziyat Barselonada vujudga kelgan, u yerdagi namoyishlarda 40 ming kishi qatnashdi.

Politsiya namoyishchilarni Barselonadagi Ispaniya vakolatxonasi binosidan uzoqlashtirdi, biroq ular qo‘shni ko‘chalarga o‘tishdi. Miting uyushtirayotganlar huquq-tartibot xodimlari yo‘liga to‘siqlar qo‘yish maqsadida konteynerlarni ag‘darib, karton, chiqindilarga o‘t qo‘ymoqdalar. Natijada ko‘chada olovli devor hosil bo‘ldi.

Barselona aeroporti tartibsizlar markaziga aylangan, bu yerda namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashdi. Namoyishchilar havo bandargohiga yaqinlashib, terminallardan biriga kirdi. Bir necha ming kishi terminal yo‘lini to‘sib qo‘ygan bo‘lsa, yana bir necha mingi bino ichida o‘tirgan holda namoyish o‘tkazdi. Mitingchilar hattoki aeroport yo‘lini ham to‘sib qo‘ydi, bir muddat poyezdlar va «El-Prat» aeroportigacha metro harakati to‘xtab qoldi. «El-Prat» aeroportida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 936 ta reysning eng kamida 45 tasi bekor qilindi. Bir qism reyslar kechiktirildi — ekipaj va yo‘lovchilar samolyotga qadar yetib bora olmadi.

Tartibsizliklarda 130 nafardan ortiq kishi jarohatlandi. Eng ko‘p — 115 kishi — aeroportdagi aksiyalar chog‘ida jarohat oldi. Jabrlanganlardan biri ko‘zidan jarohat olgani sababli shifoxonaga yotqizildi.

Kataloniya hukumati Barselona aeroportidagi tartibsizliklar vaqtida mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari xatti-harakatlari ustidan tekshiruv o‘tkazmoqchi.

Xalqaro qidiruvga berilgan Kataloniya jeneralitetining sobiq rahbari Karles Puchdemon Kataloniya mustaqilligi to‘g‘risida yangi referendum o‘tkazishga chaqirdi.