O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida 15 oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitida ishtirok etdi. Bu haqda dalvat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga joriy yilning sentyabrida qo‘shildi va Turkiy kengash

Prezident Shavkat Mirziyoyev sammitda so‘zlagan nutqida O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi, hech shubhasiz, tabiiy va tarixiy jarayonlar ifodasi ekanini ta’kidladi. Yurtimiz zaminida umumiy tariximizning shonli sahifalari bitilgani, jahon ilm-fani va madaniyatiga unutilmas hissa qo‘shgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi mutafakkirlar, muqaddas dinimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband singari buyuk allomalar, turkiy dunyoni qalam bilan birlashtirgan Alisher Navoiy singari ulug‘ shoirlar nafaqat o‘zbek xalqi, balki barchaning faxru iftixori ekanini qayd etdi.

«Turkiy Kengashga a’zolik xalqimizning tub manfaatlariga to‘la javob beradi. Bugungi kunda o‘rtamizda nafaqat madaniy-ma’naviy aloqalar, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Oxirgi uch yilda davlatlarimizning o‘zaro savdo hajmi salkam ikki barobarga oshdi, mingdan ortiq yangi qo‘shma shirkatlar ochildi. Transport qatnovlari kengaymoqda, vizasiz tartib asosida turistlar oqimi tobora ko‘paymoqda, xalqlarimizning qardoshlik rishtalari mustahkamlanmoqda», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev sammit kun tartibiga kiritilgan masalalar bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

O‘zbekiston prezidenti tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ishonchli aloqalarni o‘rnatish uchun eng qulay sharoitlar yaratishni ustuvor vazifa deb qayd etdi. Shu borada qo‘shma texnoparklar, startap innovatsiya kompaniyalari va venchur jamg‘armalari tashkil etish, qo‘shma investitsiya fondi va turkiy davlatlar savdo uylarini birgalikda barpo etish tashabbusini ilgari surdi.

Shavkat Mirziyoyev Kengashga a’zo mamlakatlar aholisining 40 foizidan ortig‘i yoshlar ekanidan kelib chiqib, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Turkiy Kengash doirasida Yosh tadbirkorlar forumini ta’sis qilish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yil O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.

Davlat rahbari yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish, «Boku-Tbilisi-Kars» yangi temir yo‘lining salohiyatidan unumli foydalanish zarurligini ta’kidladi. Sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham amaliy takliflar aytildi.

O‘zbekiston prezidenti madaniy-gumanitar sohalar ahamiyatiga alohida to‘xtalib, Kengashga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat «Turkiy adabiyot xazinasi» nomli kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga raislik Ozarbayjon Respublikasiga o‘tishi munosabati bilan Ilhom Aliyevni qutlab, ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Uchrashuv yakunida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yettinchi sammitining deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar qabul qilindi.

Turkiy kengashga a’zo davlatlar rahbarlarining O‘zbekistonning to‘la huquqli a’zo sifatida tashkilotga qo‘shilishi to‘g‘risida Qo‘shma bayonoti sammitning muhim voqeasi bo‘ldi.