«Toshkent» xalqaro aeroporti bojxonachilari xorijga ikki dona quyma oltinni noqonuniy olib chiqishga harakat qilgan yo‘lovchini qo‘lga oldi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Fuqaro M. A.ning chegarani «yashil yo‘lak» orqali kesib o‘tish vaqtida kuchli asabiylashishi bojxona posti xodimlarining e’tiborini o‘ziga jalb qildi. Shundan so‘ng ushbu fuqaro zamonaviy skaner qurilmasi yordamida xolislar ishtirokida tekshiruvdan o‘tkazildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxs umumiy vazni 213 grammni tashkil etuvchi 2 dona quyma tilla bo‘laklarini o‘z og‘iz bo‘shlig‘iga solib, xorijga uchib ketishni rejalashtirgan ekan.

Qonunbuzardan umumiy qiymati 70 million so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi quyma tilla bo‘laklari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.