O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Navoiy viloyatidagi 5-son manzil-koloniyasida mahkumlarning ochlik e’lon qilganiga izoh berib, ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Avvalroq «Farg‘ona» agentligi huquq himoyachilariga tayanib koloniyaning o‘nlab mahbuslari ish uchun yangi qo‘lqop va oyoq kiyimlari so‘ragani sababli jarima izolyatoriga tashlanib, shafqatsiz qiynalgani haqidagi maqolani chop etgan edi. Besh nafar mahbus buning ortidan ochlik e’lon qiladi.

JIEBB ma’lumotlariga ko‘ra, 3 oktyabr kuni koloniyada og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlari uchun jazoni o‘tayotgan bir necha sublanuvchilar o‘rnatilgan jazoni o‘tash tartiblarini buzgan holda ishga chiqishdan bosh tortadi. «Natijada koloniya ma’muriyati mahkumlarni koloniyaning intizomiy bo‘linmaga haydash ko‘rinishidagi intizomiy ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha qonuniy choralarni ko‘rdi», — deyiladi xabarda.

Intizomiy bo‘linmada tushlik tarqatish vaqtida mahkumlar taomni qabul qilishdan bosh tortib, buni ularga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilganiga norozilik sifatida namoyish etishadi. «Tushuntirish ishlari o‘tkazilganidan so‘ng mahkumlar bilan bilan bog‘liq vaziyat hal etildi», — deya qayd etdi JIEBB.

«Mazkur holatda koloniya ma’muriyat qonunchilik normalariga qat’iy rioya etgan holda harakat qildi, mahkumlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy bosim qo‘llanilmadi», — deya ta’kidladi JIEBB.

Mazkur koloniyada jazoni o‘tayotgan mahkumlar tomonidan o‘z joniga qasd qilish holatlari aniqlanmadi, deya ma’lum qildi boshqarma.