Hayotda turli xil nizolar uchraydi. Shu bois sudya har bir nizoni chuqur o‘rganishi va qonun talabi asosida qaror qabul qilishi kerak. Chunki shunday nizolar ham uchraydiki, bir qarashda, javobgar haqiqatan ham, nohaqdek ko‘rinadi. Ammo nizoning mohiyati chuqurroq o‘rganilsa, buning aksini ham ko‘rish mumkin.

Masalan, da’vogar Samarqand viloyati IIB sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar R. Salomovdan 22 101 500 so‘m ortiqcha to‘langan pensiya pulini undirib berishni so‘ragan.

O‘z navbatida, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudining 2017 yil 20 yanvardagi hal qiluv qarori bilan da’vo qanoatlantirilgan va javobgar R. Salomovdan 22 101 500 so‘m ortiqcha to‘langan pensiya puli undirilgan.

Mazkur fuqarolik ishi apellyatsiya yoki kasssatsiya tartibida ko‘rilmagan.

Xo‘sh, aslida R. Salomov nohaq edimi?

Bu savolga quyida javob topamiz.

Aniqlanishicha, javobgar R. Salomov Samarqand viloyat IIB tizimida faoliyat yuritib, sog‘lig‘ini yo‘qotgani tufayli Samarqand viloyat Markaziy TMEK tomonidan 2006 yil 13 oktyabrda bir yil muddatga 2-guruh nogironligi belgilangan. Shundan so‘ng 2014 yilgacha unga turli xil muddatlar bilan 2-guruh nogironligi belgilanib kelingan. 2014 yildan esa, 3-guruh nogironligi belgilangan. 2015 yil 1 martdan esa, sog‘lig‘i to‘liq tiklanganligi bois nogironligi bekor qilinib, pensiya tayinlash to‘xtatilgan.

Ammo Samarqand viloyati Nazorat-taftish boshqarmasi tomonidan 2013−2014 yillarda fuqarolarga birlamchi va qayta nogironlik guruhining to‘g‘ri belgilanishi yuzasidan tekshirish o‘tkazilganda, 108 nafar fuqaroga Ichki ishlar idoralarida xizmat o‘tash davrida kasallangan deb nogironlik guruhlari noto‘g‘ri belgilangani, buning oqibatida 1 463 850 700 so‘m nogironlik nafaqasi noqonuniy to‘langani aniqlangan.

Natijada Samarqand viloyati 40-sonli Bosh TMEK mansabdor shaxslari fuqarolarga noqonuniy nogironlik guruhi belgilanishi bilan bog‘liq xatti-harakatlari uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Qi-ziltepa tuman sudining 2016 yil 18 maydagi hukmi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Qisqasi, ana shu tekshirish jarayonida R. Salomovga ham 22 101 500 so‘m miqdorda ortiqcha pensiya to‘langan deb topiladi va bu mablag‘ni undirish yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritiladi.

Birinchi instansiya sudi esa, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunning 65-moddasini qo‘llab, da’vogarning da’vosini qanoatlantirish haqida asossiz xulosaga kelgan.

Nega deganda, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunning 65-moddasiga ko‘ra, pensiyadan chegirmalar quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:

a) sudning hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari va hukmlari (mulkiy undirishlar borasida), notarial idoralarning ijro varaqalari hamda O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq ijrosi sud hal qiluv qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladigan boshqa hal qiluv qarorlari va qarorlar asosida;

b) O‘zbekiston Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining qaroriga binoan — pensionerga u tomonidan qilingan suiiste’molliklar oqibatida (qasddan noto‘g‘ri hujjatlarni taqdim etish, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan oila a’zolari tarkibidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar taqdim etmaslik natijasida) yoxud hisoblashdagi yoki boshqa texnik xato oqibatida pensiya miqdoridan ortiqcha pullar to‘langan taqdirda.

Pensioner Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining pensiyadan ortiqcha to‘langan summalarni ushlab qolish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, aniqlangan qarzdorlik sud tartibida, biroq uning aniqlanish sanasidan uch yildan ko‘p bo‘lmagan davr uchun undiriladi.

Qonun talabiga ko‘ra, yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidan tashqari boshqa hech qanday holatda pensiyadan chegirma undirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari pensiyadan chegirma undirish miqdori pensionerga to‘lanishi lozim bo‘lgan puldan hisoblab chiqariladi. Har oylik chegirma miqdori esa, pensiyaning 50 foizidan oshishi mumkin emas.

Ortiqcha to‘langan pensiya puli bo‘yicha qarzdorlik to‘liq uzilgunga qadar pensiya to‘lash to‘xtatilgan hollarda (masalan, mehnat qobiliyati tiklanganligi tufayli) qolgan qarz sud tartibida undiriladi.

Shu o‘rinda R. Salomov masalasiga qaytadigan bo‘lsak, birinchi instansiya sudi javobgarga ortiqcha pensiya to‘langani haqida xulosaga kelgan bo‘lsa-da, aslida — javobgarga to‘langan ortiqcha to‘lov hisoblanmagan, balki TMEK xulosasi asosida belgilangan nogironlik guruhi bo‘yicha to‘langan.

Bundan tashqari fuqarolarga noqonuniy nogironlik guruhi belgilangani sababli TMEK mansabdor shaxslari jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa-da, bunda pensiya tayinlangan fuqarolar, shu jumladan, javobgar R. Salomovning aybi bo‘lmagan va u jinoiy javobgarlikka tortilmagan.

Aksincha, sudga taqdim etilgan Samarqand viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazining 2019 yil 20 sentyabrdagi 671-sonli va 25 sentyabrdagi 685-sonli ma’lumotnomasida javobgar R. Salomovni 2007 yil 11 maydan 24 iyungacha, 2010 yil 22 sentyabrdan 19 oktyabrgacha, 2011 yil 10 oktyabrdan 24 noyabrgacha, 2012 yil 15 noyabrdan 19 dekabrgacha, 2014 yil 23 iyundan 23 sentyabrgacha, 2015 yil 8 yanvardan 26 fevralgacha sil kasalligi bo‘yicha statsionar davolangani qayd etilgan.

Bunday holatda R. Salomovga nogironlik guruhi noto‘g‘ri tayinlangan deb bo‘lmaydi.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 1026-moddasiga ko‘ra, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, hayot yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar tovoni, alimentlar va fuqaroga turmush kechirish vositasi sifatida berilgan boshqa pul mablag‘lari, uning tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda xatolar bo‘lmaganda, asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarib berilmaydi.

Oliy sud Plenumining 2017 yil 29 noyabrdagi «Davlat pensiya ta’minoti bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida"gi qarori 26 va 27-bandlarida jinoyat sodir qilingani natijasida pensiyaning ortiqcha to‘lanish holatlari vujudga kelganida ortiqcha to‘langan summa davlatga yetkazilgan zarar sifatida aybdor deb topilgan shaxsdan undirilishi lozimligi, Fuqarolik kodeksining 1030-moddasiga muvofiq, fuqaro tomonidan vijdonsizlik qilinmagani va hisob-kitobda xatolar bo‘lmagani aniqlansa, unga berilgan pensiyalar, nafaqalar asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarilmasligi haqida tushuntirish berilgan.

Javobgar R. Salomov o‘ziga tayinlangan pensiya bo‘yicha aybdor ekanini isbotlovchi dalillar bo‘lmagani sababli da’vogarning da’vosi qanoatlantirilmaydi.

Shularga ko‘ra, Oliy sud Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2019 yil 25 sentyabrdagi ajrimi bilan sudning hal qiluv qarori bekor qilinib, da’vogarning da’vosini rad qilish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilindi.

Akmal MURODOV,

O‘zbekiston Oliy sudi sudyasi