«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi dushanba kuni xonanda Jahongir Otajonov nomiga konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugatilganinini ma’lum qildi. Litsenziyaning to‘xtatilgani uning konsertlar, to‘y va boshqa tadbirlarda ishtirok eta olmasligini anglatadi.

Tashkilot xabarida so‘nggi vaqtlarda Jahongir Otajonov tomonidan san’atkor odobiga, milliy urf-odatlarimiz va odob-axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan nomunosib harakatlar kuzatilayotgani ta’kidlab o‘tiladi.

«Ayrim san’atkorlar o‘zboshimchalik bilan ish tutib kelayotgani sabab, ularning yurish-turishi, kiyinish madaniyati, so‘zlashuvi, ya’ni muomala madaniyatida milliy o‘zligimizga yot bo‘lgan holatlar yaqqol ko‘zga tashlanib qolmoqda, — deyiladi xabarda. Xonandalar xalq nazaridagi inson bo‘lganligi bois ularga ayniqsa, yoshlar ergashadi, andoza oladi. Ularning har bir xatti-harakati el nazarida bo‘ladi».

9 oktyabr kuni «O‘zbekiston» telekanali orqali efirga uzatilgan «Munosabat» tok-shousida to‘ylardan olingan lavhalar namoyish etiladi, unda xonanda Jaxongir Otajonov bilan bog‘liq tasvirlar ham aks etadi. 11 oktyabr kuni Qalampir.uz saytida «Jamoatchilik xonanda Jaxongir Atajonovning litsenziyasini olib qo‘yishni talab qilyapti» mavzusida maqola e’lon qilindi, deb yozadi «O‘zbekkonsert».

Xonanda Jahongir Otajonov jamoatchilik e’tirozidan to‘g‘ri xulosa chiqarish o‘rniga ijtimoiy tarmoq orqali chiqish qilib: «Ollaring mani litsenziyamni, maza qillaring, agar shu bilan madaniyatli bo‘lsalaring. Man xursand bo‘laman… xalq madaniyatli bo‘lib ketib qolsa shu bilan…» qabilida turli fikrlar bildirdi.

«Xonandaning ushbu chiqishi ijtimoiy tarmoq orqali yoshlar orasida va jamoatchilik o‘rtasida salbiy fikr uyg‘otmasdan qolmadi. Xonanda o‘zining ma’naviy qadriyatlarimizga mutlaqo yot bo‘lgan bu kabi nomunosib harakatlari orqali Muassasa bilan tuzilgan litsenziya bitimi talab-shartlarini muntazam ravishda buzib kelmoqda», — deyiladi bayonotda.

«O‘zbekkonsert» xulosasida barcha san’atkorlarni ijtimoiy tarmoqlarda san’atkor odobiga zid turli xil bema’ni so‘zlarni tarqatmaslik, jamoatchilik o‘rtasida san’atkorlarga nisbatan noo‘rin munosabat shakllantirilishiga yo‘l qo‘ymasliklari borasida ogohlantiradi.

Kun davomida ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekkonsert» faoliyati tanqid qilingan mulohazalar e’lon qilindi. Jamoatchilik vakillaridan biri Aziza Umarova shunday deb yozadi: «Qanday sub’ektiv senzuraki, har qanday iqtidorli musiqachini jazolashga imkon bersa? Kim tinglovchilar o‘rniga kimni eshitish haqida qaror qabul qilish huquqiga ega?» U zamonaviy dunyoda «O‘zbekkonsert» kabi biror tashkilot mavjud emasligini, uni tugatishni va xonandalar ijodi ustidan tomoshabinlarning o‘zlari hukm chiqarishga qo‘yib berishni ta’kidladi: Odamlarning o‘zlari hal qilsin".

Tadbirkor Zafar Xoshimov shunday deb izohladi: «San’at va talant litsenziya bilan berilib, u bilan olib qo‘yilmaydi. Xonanda maqomi ma’muriy me’yorlar bilan o‘lchanmaydi».

Kechqurun O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov ham o‘z fikrini bildirdi. «Jahongir Otajonovning qo‘shiqlarini oilam va farzandlarim bilan yaxshi ko‘rib tinglayveramiz! Buning uchun shaxsan bizga litsenziya kerak emas!»