2019 yilning yanvar-avgust oylari davomida 323 tonna (235 tonnasi qo‘l yuki, 88 tonnasi transport vositalari orqali), 10,25 mln dona (41 ming donasi qo‘l yuki, 10,21 mln donasi transport vositalari orqali) va 1317 m kub miqdorida transport vositalari orqali respublikaga olib kirilayotgan o‘simlik mahsulotlarida zararli organizmlar aniqlanganligi sababli chegara maskanlaridan qaytarib yuborildi, deya xabar qildi «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi axborot xizmati. Qaytarib yuborishning imkoni bo‘lmagan 3,1 mln dona zararlangan ko‘chatlar esa yoqish yo‘li bilan tegishli tartibda yo‘q qilindi.

Shuningdek, xorijdan respublikaga import qilinishi rejalashtirilgan 72 tonna kartoshka yuk egalari tomonidan tegishli hujjatlar qalbakilashtirilgani aniqlanib, chegaradan o‘tkazilmadi. Shu bilan birga, 6500 tonna miqdoridagi urug‘lik kartoshka o‘simliklar karantini bo‘yicha mutaxassislar tomonidan fitosanitar holatni o‘rganish chog‘ida eksport qiluvchi davlatning o‘zida qoniqarsiz deb baholandi va mamlakatga import qilinishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Respublikadan chet davlatlarga chiqarilayotgan 63,5 tonna (14,5 tonnasi qo‘l yuki, 49 tonnasi transport vositalari orqali) va 7 ming dona (5 ming donasi qo‘l yuki, 2 ming donasi transport vositalari orqali) karantin ostidagi mahsulotlar fitosanitar talablarga javob bermaganligi sababli eksport qilinishiga yo‘l qo‘yilmadi va ularga nisbatan karantin tadbirlari amalga oshirilib, belgilangan tartibda ichki bozorga chiqarildi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda O‘zbekistondan dunyoning 80 dan ortiq davlatlariga 100 dan ortiq turdagi meva-sabzavot eksport qilinayotgani bu borada olib borilayotgan islohotlarga yaqqol misoldir.