Yaponiyada «Xagibis» to‘foni keltirib chiqargan suv toshqinlari va ko‘chkilar natijasida halok bo‘lganlar soni 40 nafarga yetdi, deya xabar berdi Japan Today. 17 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda, jarohatlangan soni esa 100 nafardan oshdi.

Novosti axborot agentligining xabar qilishicha, to‘fon tufayli ko‘chkilar sodir bo‘ldi, o‘nlab daryolar qirg‘oqlaridan toshdi, Yapon dengizi qirg‘og‘ida joylashgan tumanlar suv ostida qoldi.

Mamlakatda davom etayotgan qidiruv-qutqaruv operatsiyalarida 110 mingdan ortiq politsiya, o‘t o‘chirish va mudofaa kuchlari xodimlari qatnashmoqda. 17 ta prefekturadagi 38 mingga yaqin kishi evakuatsiya qilindi. 136 mingga yaqin uylar suv ta’minotisiz, 4300 uy esa elektrsiz qoldi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga «Xagibis» to‘foni yopirilishi oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan mamlakat bosh vaziri Sindzo Abega hamdardlik bildirdi.