Shanba kuni Oliy Majlis Senati 23-yalpi majlisida O‘zbekiston sudyalarining maxsus kiyimi tavsifi va namunasini ko‘rib chiqdilar hamda tasdiqladilar, deya xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Sudyalarning maxsus kiyimlarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq 2019 yilgi Davlat dasturidan o‘rin olgan edi, deb yozmoqda Norma.uz. Uni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 500 mln so‘m ajratildi.

Forma Sudyalar oliy kengashi tomonidan Konstitutsion va Oliy sud bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Unda milliy an’analar va xorijiy davlatlari: AQSH, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarning muvaffaqiyatli tajribalariga e’tibor qaratildi.

Konstitutsion sud sudyalari uchun to‘q olcharang, qolgan sudyalar uchun esa to‘q ko‘k rang tanlandi. 70 foiz jundan tayyorlangan sudyalik maxsus kiyimi to‘plami maxsus kiyim, manishka va ipak bo‘yinbog‘-plastrondan iborat. Ular sudyalarning individual tana o‘lchamlari bo‘yicha, faqatgina sudyalik guvohnomasi asosida buyurtmaga qabul qilinishi mumkin.

Sudyalik maxsus kiyimining to‘plami uchun ishlatiladigan mato qishki va yozgi holati bo‘yicha o‘zgarishi mumkin, shuningdek, sudyalik maxsus kiyimining foydalanish muddati 2 yil etib belgilangan.