O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan avtomobillarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash orqali sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Avto oltimish oy kompaniyasining mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.

Jinoyat ishi UzAuto Motors murojaati asosida Jinoyat kodeksining 188−1-moddasi 1-qismi, ya’ni pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatini tekshirish maqsadida qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari davomida fuqarolarning mol-mulkini jinoiy tajovuzdan himoyalash va kompaniya faoliyatining shaffofligini o‘rganish maqsadida, moliya-xo‘jalik faoliyati hujjatli taftishni o‘tkazish yo‘li bilan tekshiriladi.

IIVning qayd etishicha, tadbirkorlik sub’ektining nazorat kirim-chiqim operatsiyalari nazoratga olinadi, lekin faoliyati to‘xtatib qo‘yilmaydi.

«Taftish yakuniga ko‘ra, mazkur jamiyat mansabdor shaxslari va boshqalarning harakatlariga huquqiy baho berilib, jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi», — deyiladi xabarda.

Tadbirkorlik sub’ektlari yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Avto oltmish oy kompaniyasi may oyida Toshkentning Olmazor tumanida ro‘yxatga olingan. Uning ustav jamg‘armasi 525 mln so‘mni tashkil etib, faoliyat turi — yengil avtomobillar va yengil motorli transport vositalarini ijaraga berish va lizingi.