«O‘ztransgaz» aksionerlik jamiyati matbuot xizmati Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalarining 188,2 mlrd so‘mlik noqonuniy harakatlari haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi. Kompaniya maqolada keltirilgan faktlarning noto‘g‘ri emasligini, biroq «188 milliard so‘mlik noqonuniy xarakatlar» jumlasi noo‘rin qo‘llanilganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, maqolada keltirilgan holatlarda respublikadagi gaz ta’minoti korxonalari tomonidan ulgurji iste’molchilar bilan shartnoma imzolash davrida iste’molchilarning faoliyat yo‘nalishlari belgilanmagan. Xususan, ayrim ulgurji iste’molchilar o‘z uylarida Oilaviy korxona shaklida restoran yoki kafelarni tashkil etishgan.

«Ammo hozirgi kunda energoresurslarning narxlari tabaqalangan tarzda oshirilishi munosabati bilan iste’molchilar, ayniqsa restoran va kafelar Oilaviy korxona shaklida qayta ro‘yxatdan o‘tmoqda. Buning sababi O‘zbekiston Respublikasining «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida"gi Qonunidagi 28-moddasiga asosan Oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning o‘zida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, kommunal infratuzilma xizmatlari, ya’ni tabiiy gaz haqini aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida amalga oshiradi», — deyiladi bayonotda.

Iste’molchilar o‘z Nizomlarida asosiy faoliyat turlaridan tashqari yana bir qancha faoliyat turlarini ko‘rsatib o‘tishgan. Ammo me’yoriy xujjatlarga asosan iste’molchilarning faoliyat turlari o‘rganilganda, iste’molchilarga oshirilgan narxlarda tabiiy gaz sotilishi lozimligi aniqlanmoqda.

«O‘ztransgaz» fikricha, bu ulgurji iste’molchilar tomonidan oldindan to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganligi tufayli kelib chiqqan anglashilmovchiliklar bo‘lishi yoki hisob-kitoblarni amalga oshirishda metodologik yondashuvdagi xatolik bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin.

«Internet sahifalaridagi maqolalarda keltirilgan ma’lumotlardan tadbirkorlik sub’ektlari yoki aholining havotirlanishlariga asos yo‘q deb o‘ylaymiz. Bunday holatlarda turli qarorlar qabul qilish noo‘rindir va iste’molchi bilan ta’minotchi orasida vujudga kelgan barcha nizolar o‘rnatilgan tartibda sud qarorlariga asosan hal etiladi», — deyiladi bayonotda.