To‘rtko‘l tumani O‘zbekiston OFY hududida tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan hamda tumandagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida egri yo‘lni tanlagan qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar faoliyatiga chek qo‘yildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir davomida To‘rtko‘l tumani O‘zbekiston ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro X.R. hamda Kabutar ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro S.S.lar o‘zaro til biriktirgan holda To‘rtko‘l tumani O‘zbekiston ovul fuqarolar yig‘ini 18 bo‘limida joylashgan fuqaro X.R.ga tegishli bo‘lgan uyda qo‘lbola usulda alkagol mahsulotlarini tayyorlab, ishlab chiqarib kelayotganligi aniqlandi. Ushbu fuqarolarga xolis guvohlar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirildi.

O‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida soxta tadbirkorlar S.S. va X.R.ga tegishli bo‘lgan qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan 2 turdagi 7152 (0,5 litr) dona shisha bahosi 106 million 536 ming so‘mlik aroq va mazkur mahsulotini ishlab chiqariga ixtisoslashtirilgan 19 turdagi bahosi 14 million 852 ming 383 so‘mlik anjomlar daliliy ashyo sifatida olindi.

Fuqaro S.S.ga tegishli bo‘lgan 21 turdagi, jami bahosi 121 million 388 ming 383 so‘mlik alkogol mahsulotlari va anjomlar tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Joylarda soliq organi xodimlari tomonidan aholida soliq madaniyatini shakllantirish, o‘tkazilayotgan bu kabi profilaktik tadbirlar davomida aniqlanayotgan bu kabi qonunni chetlab o‘tish harakatlarini qonuniylashtirish yuzasidan ishlar davom etmoqda.